O‘zbekiston va SHHT. Xitoyga tashrif oldidan Mirziyoyevning maqolasi e’lon qilindi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 30 avgust – 3 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. O‘zbekiston rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi va “SHHT plyus” formatidagi sammitda ishtirok etadi. Xitoyga tashrif arafasida “China Daily” nashrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston va SHHT: global tinchlik va farovonlik yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi maqolasi e’lon qilindi. Quyida maqola matni bilan tanishing:

O‘zbekiston bir qator davlatlar bilan birgalikda o‘rni va ahamiyati yil sayin tobora ortib borayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotini shakllantirish va mustahkamlash jarayonlarining boshida turgan edi. Ushbu tashkilotning faoliyati bugungi kunda nafaqat unga a’zo bo‘lgan davlatlarning taraqqiyotiga, balki ushbu mintaqalarda yashayotgan har bir insonning tinch va farovon hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu o‘rinda SHHT doirasidagi hamkorlik masalalari haqida so‘z yuritishdan oldin o‘zining ruhi, madaniyati hayotbaxsh kuch-g‘ayratiga ko‘ra, O‘zbekistonga o‘ta yaqin bo‘lgan mamlakat – Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik hamkorligimiz haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Keyingi yillarda o‘zbek-xitoy munosabatlari, siyosiy muloqot va xavfsizlikdan toki har tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashuvlargacha bo‘lgan eng muhim sohalarni keng qamrab olgan holda, barqaror rivojlanish sur’atlarini namoyon etmoqda. Ularni izchil mustahkamlab borish Markaziy Osiyo va SHHT makonida barqarorlikni ta’minlash va qat’iy o‘sishga ko‘maklashadi.

Ikki davlat yetakchilari o‘rtasidagi muntazam siyosiy muloqot ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning muhim omiliga aylandi. Biz 2024 yil yanvar oyida Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifimiz davomida XXR Raisi Si Szinpin bilan birgalikda o‘zaro munosabatlarimizni misli ko‘rilmagan yuqori bosqichga – yangi davrda barcha sharoitlarda har tomonlama yuqori strategik sheriklik darajasiga olib chiqdik, xalqaro maydonda eng muhim kooperatsiya va hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldik.

O‘zaro munosabatlarimizdagi ilgari misli ko‘rilmagan rivojlanish O‘zbekistonning qadrli do‘sti, Rais Si Szinpinning keng qamrovli o‘zbek-xitoy hamkorligini yanada ravnaq toptirish va mustahkamlashga qaratayotgan shaxsiy e’tibori va tinimsiz sa’y-harakatlari tufayli yuzaga keldi. Hukumatlararo qo‘mita, Parlamentlararo guruh va Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi Strategik muloqot mexanizmlari tufayli barcha kelishuvlarimizni amalga oshirish ta’minlanmoqda.

Bir-birini to‘liq tushunish va tub manfaatlarini hisobga olish o‘zaro siyosiy ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashda qo‘l kelmoqda. O‘zbekiston yagona Xitoy tamoyilini qat’iy qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, “Markaziy Osiyoda sheriklik ruhi”ni shakllantirish bo‘yicha O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun Xitoy tomonidan g‘oyat minnatdormiz.

Bizning mamlakatlarimiz “uchta yovuz kuch” – terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashda ham faol hamkorlik qilmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2017 yildan buyon uch karra o‘sdi va 14 milliard dollarni tashkil etdi. Yaqin yillarda bu raqamni 20 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Ana shu davrda mamlakatimizga 24,6 milliard dollarlik Xitoy investitsiyalari jalb etildi.

2024 yilda yurtimizda va Markaziy Osiyoda birinchi marta BYD elektromobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxona ishga tushirilgani, shuningdek, Toshkentda o‘zbekistonlik o‘quvchilar logistikani boshqarish va axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha zamonaviy ko‘nikmalarini egallayotgan “Luban ustaxonasi” ochilgani XXR bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi.

O‘zbekistonda xitoy tili va madaniyatini o‘rganishga Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy instituti, xitoy tilini biladigan xitoyshunos va mutaxassislarning yangi avlodini tarbiyalagan holda, katta hissa qo‘shmoqda.

Bu yil O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilgani gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘ldi. Bu odamlar orasida yanada faol va samarali muloqotni, ishbilarmonlar hamkorligi va turizm almashuvlarini yo‘lga qo‘yish uchun shart-sharoit yaratadi.

Hech shubhasiz, hozirgi zamonaviy bosqichda o‘zbek-xitoy hamkorligi mintaqaning barqaror rivojlanishi va SHHTning o‘zaro foydali bo‘lgan ko‘ptomonlama hamkorlik platformasi sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashga ko‘maklashadigan pragmatik va mutanosib sherilik modeliga aylanib bormoqda.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, xalqaro ahvol murakkablashib borayotgan hozirgi sharoitda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi barqaror munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish alohida muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Jahondagi mavjud tizim chuqur silkinishlarni boshidan kechirmoqda. Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yor va prinsiplariga asoslangan ilgarigi tartibot barqarorligiga putur yetmoqda.

Xalqaro munosabatlarda yuz berayotgan keng miqyosdagi transformatsiya jarayonlari buyuk davlatlar o‘rtasidagi geosiyosiy raqobatning o‘sishi va qarama-qarshilik xavfining ortishi, qaror topgan kuchlar nisbatining buzilishi hamda jamoaviy boshqarish mexanizmlarining susayishi bilan birga kechmoqda.

Global xavfsizlik arxitekturasi, ishonch inqiroziga duch kelgan holda kuchayib borayotgan tahdid va xavf-xatarlar oldida tobora zaif bo‘lib qolmoqda. Bu yaqin istiqbolda bartaraf etish qiyin bo‘lgan yanada katta parchalanishlarga olib keladi.

Mamlakatlar jahon iqtisodiyotida proteksionizmning o‘sishi, an’anaviy mahsulot yetkazib berish zanjirlarining uzilishi va ishlab chiqarish quvvatlarining qayta taqsimlanishiga to‘qnash kelmoqda. Favqulodda muhim bo‘lgan xomashyo resurslari va texnologiyalardan foydalanish uchun raqobat kuchaymoqda, raqamli va “yashil” transformatsiyada yetakchilik uchun kurash keskinlashmoqda. Global iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi, inflyatsiyaning yuqoriligi va moliya bozorlaridagi beqarorlik, dunyodagi taraqqiyot markazlari o‘rtasida tafovutni kuchaytirgan holda, rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega bo‘lgan mamlakatlar uchun qo‘shimcha xavf-xatarlarni keltirib chiqarmoqda.

Ana shu jarayonlar natijasida nafaqat tiyib turadigan va muvozanatni saqlaydigan tizim, savdo va moliya sohalari, balki jahon miqyosidagi xavfsizlikni ta’minlash, kambag‘allikka qarshi kurash, iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq aksariyat muammolarni hal etish ham qattiq bosim ostida qoldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida keng miqyosdagi ijtimoiy-iqtisodiy silkinishlarning sababchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan iqlim o‘zgarishlari oqibatlari, oziq-ovqat va energetika tizimidagi beqarorlik tobora qudratli tahdidga aylanmoqda.

Barcha mamlakatlar uchun boshqa umumiy tahdid – sun’iy intellektning rivojlanishidir. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu – to‘xtatib bo‘lmaydigan tabiiy jarayon, lekin bizning vazifamiz – undan harbiy maqsadlarda foydalanishga va uning global xavf-xatarga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Hech qanday mubolag‘asiz aytishim mumkinki, ana shunday sharoitda Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlarni tenglik, manfaatlarni o‘zaro hisobga olish va ichki ishlarga aralashmaslik prinsiplari asosida birlashtiradigan xalqaro hamkorlikning jozibali va keng miqyosda talab etiladigan modeliga aylanib bormoqda.

SHHT tashkil etilgan davrdan boshlab o‘zaro ishonch, o‘zaro foyda, turli sivilizatsiyalarga hurmat va birgalikdagi taraqqiyotga intilishga asoslangan “Shanxay ruhi”ni qaror toptirdi va izchil oldinga siljitmoqda. Tashkilot, pul tikmasdan o‘ynash va sivilizatsiyalar to‘qnashuviga xos fikrlash tarzini yengib o‘tib, “eskirgan sovuq urush” konsepsiyasidan to‘liq voz kechdi.

SHHT qo‘shilmaslik, qarama-qarshilikka bormaslik va uchinchi tarafga qarshi harakat qilmaslik g‘oyalarini faol ilgari surmoqda va hayotga joriy etmoqda. Ushbu birlashma katta-kichik davlatlarning to‘laqonli tengligi, konstruktiv maslahatlashuvlar orqali murosaga erishish, shuningdek, muloqot va hamkorlik yo‘li bilan tinchlikka ko‘maklashish tarafdori bo‘lib maydonga chiqmoqda. Tashkilotimizning joziba kuchi va qudrati aynan shunda mujassamdir.

Shanxay tashkiloti, o‘zaro uyg‘unlikda, birgalikda yashash va o‘zaro foydali hamkorlik g‘oyalarining yashashga qodir ekanini namoyon etgan holda, turli siyosiy tizimga, tarixiy-madaniy an’analar va iqtisodiy rivojlanish darajasiga ega bo‘lgan davlatlarni muvaffaqiyatli ravishda birlashtirib kelayotgani ko‘ptomonlama hamkorlik imkoniyatlari ortib borayotganining dalilidir.

Bugungi kunda SHHTning “katta oilasi” 10 ta a’zo davlatni, 2 ta kuzatuvchi va 14 ta muloqot bo‘yicha sherik mamlakatni birlashtiradi, Osiyo, Yevropa va Afrikadagi bepoyon makonni qamrab oladi. SHHTga a’zo mamlakatlarning umumiy hududi Yevroosiyo makonining 60 foizdan ham ko‘pini, aholisi esa sayyoramizning taxminan 42 foiz aholisini tashkil etadi. Tashkilotga a’zo davlatlarning jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi qariyb 25 foizdan iboratdir.

BMT Xavfsizlik Kengashining ikkita doimiy a’zosi va “Yigirmatalik guruhi”ga kiradigan 5 ta mamlakat – Hindiston, Xitoy, Rossiya, Saudiya Arabistoni, shuningdek, BRIKS birlashmasining 5 ta a’zosi – Hindiston, Eron, Xitoy, BAA va Rossiya SHHT “oilasi”da faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu tariqa SHHTning zamonaviy qiyofasi nafaqat uning Yevroosiyo makonidagi keng geografiyasini, balki unga a’zo davlatlarning ko‘pqutbli yangi dunyoni shakllantirishdagi roli tobora ortib borayotgan global jarayonlar bilan o‘zaro kuchli bog‘liqligini ham ko‘zgudek aks ettiradi.

Tashkilot faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yillar davomida xavfsizlikdan boshlab iqtisodiyot, madaniyat va barqaror taraqqiyotgacha bo‘lgan keng ko‘lamdagi yo‘nalishlarni qamrab oladigan 60 dan ortiq xalqaro shartnomalar va 40 dan ziyod ishchi mexanizmlarni o‘zida mujassam etgan mustahkam institutsional asosga ega bo‘lgani – uning o‘sib borayotgan hamkorlik salohiyatining yana bir muhim omiliga aylandi.

SHHT doimo harakatda, uning tadrijiy rivojlanish salohiyati bitmas-tuganmasdir. Konseptual dastur va strategiyalar, shuningdek, SHHT doirasidagi tarmoqlar bo‘yicha hamkorlikning yangi mexanizm va shakllari savdo-iqtisodiy va transport sohalaridagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi va texnologik jihatdan bir-birini to‘ldirish, mamlakatlarimizning “yashil” va raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini tezlashtirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Xalq diplomatiyasi, madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashuvlar, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik g‘oyalarini faol ilgari surish orqali “Shanxay ruhi”ni ifoda etishga yo‘naltirilgan noyob gumanitar loyihalar tufayli Tashkilotimiz ich-ichidan yanada jips va kuchli bo‘lib bormoqda.

SHHT o‘zini xalqaro hamkorlikning faol ishtirokchisi va ko‘ptomonlama diplomatiyaning samarali platformasi sifatida namoyon etdi. Tashkilot BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari, shuningdek, bir qator mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, jumladan, MDH, BRICS, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, ASEAN, IHT, Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Arab davlatlari ligasi va boshqa birlashmalar bilan aloqalarni faol rivojlantirmoqda.

Bularning barchasi yuqori darajadagi yetuklikdan va ko‘ptomonlama hamkorlikning tizimli ekanidan dalolat beradi. Faol institutsional rivojlanish, ko‘ptarmoqli hamkorlikni ilgari surish va xalqaro aloqalarni kengaytirish, global miqyosda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot ishiga xizmat qiladigan SHHTning mas’uliyatli, ochiq va inklyuziv mexanizm sifatidagi obro‘-e’tibori va rolini mustahkamlashga ko‘maklashmoqda.

SHHT mavjud tuzilmalarga qarshi qaratilgan tahdid emas, balki kuch o‘rniga muloqotga asoslangan yangi, adolatli jahon tartiboti talabiga javobdir. Qarama-qarshilik va mafkuraviy tafovutlar kuchayib borayotgan dunyoda SHHT aniq muqobil yo‘lni taklif etmoqda. Bu – o‘zaro hurmat, muloqot va birgalikda rivojlanish tamoyillaridir.

XXR Raisi Si Szinpin haqqoniy ravishda qayd etganidek, “tarix g‘ildiragini ortga aylantirib bo‘lmaydi, faqat oldinga qarab borish muhimdir. Bizga bo‘lingan emas, yagona va yaxlit dunyo zarur”.

Zamonaviy tahdidlarni hisobga olgan holda, SHHTning qandaydir blokka aylanishi va boshqa xalqaro tuzilmalarga qarshi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik g‘oyat muhimdir. Bizning bosh maqsadimiz – xalqaro vaziyatni keskinlashtirish emas, balki tinchlikka asoslangan kun taritibini namoyon etish, umuminsoniy muammolarni hal etish uchun SHHT imkoniyatlaridan foydalanishdan iborat.

SHHT doirasidagi hamkorlikni bosqichma-bosqich va keng ko‘lamli rivojlantirish tarafdori sifatida O‘zbekiston, Tashkilot tuzilgan va rivojlangan birinchi kunlardan boshlab aynan ana shu qarashga amal qilib kelmoqda. Bizning mamlakatimiz 2001 yil iyun oyida “Shanxay beshligi”ga qo‘shilib, SHHTga asos solgan 6 ta davlatning biriga aylandi hamda keyinchalik uning Xartiyasida ifoda etilgan g‘oya va prinsiplarni ishlab chiqishga katta hissa qo‘shdi.

Bizning mamlakatimiz, SHHT doirasidagi o‘zaro hamkorlikning faol ishtirokchisi sifatida, Tashkilotga to‘rt marta raislik qildi va uning rivojiga munosib hissa qo‘shdi.

SHHTning 2004 yilda bo‘lib o‘tgan birinchi Toshkent sammiti, avvalo, O‘zbekiston poytaxtida Tashkilotning ikkita doimiy organlaridan biri bo‘lgan SHHTning Mintaqaviy aksilterrorchilik tuzilmasi (MATT) Ijroiya qo‘mitasining bosh qarorgohi ochilishi bilan esda qoldi.

Davlat boshliqlari kengashining muhim qarorlaridan yana biri SHHT huzurida kuzatuvchi davlat maqomini berish shartlari va tartibi haqidagi qarorning qabul qilinishi bo‘ldi. SHHTga ayni shu maqomda qo‘shilgan birinchi mamlakat Mo‘g‘ulistondir. Mamlakatlarimizning Shanxay tashkilotining ochiqlik xususiyatini amalda ta’minlash borasidagi qat’iyati shunda namoyon bo‘ldi.

Toshkentda 2010 yilda o‘tkazilgan ikkinchi sammitning ahamiyati yangi a’zolarni qabul qilish tartibi va SHHT faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilab bergan hujjatlarning qabul qilinishi orqali ta’kidlandi.

2016 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan davlat boshliqlarining uchinchi yig‘ilishida Tashkilotni kengaytirishning birinchi bosqichi haqida muhim qaror qabul qilindi: uning safiga Hindiston va Pokiston teng huquqli ishtirokchi davlat sifatida qabul qilindi.

O‘zbekiston 2017 yildan boshlab, SHHTga a’zo mamlakatlarning amaliy hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari surgan holda, Tashkilot ishidagi faoliyatini sezilarli ravishda faollashtirdi. Bizning mamlakatimiz tomonidan taklif etilgan, umuman olganda, 105 ta tashabbusdan

80 dan ziyodi hozirgi vaqtgacha muvaffaqiyatli amalga oshirildi, ular siyosiy, iqtisodiy, innovatsion va gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan.

Hech shubhasiz, 2022 yilda, pandemiyadan so‘ng birinchi marta o‘tkazilgan Samarqand sammiti xalqaro diplomatiya olamidagi yirik voqea bo‘ldi va SHHT faoliyatida yangi davrni boshlab berdi, uning yakunlariga ko‘ra, 40 dan ziyod muhim ahamiyatga molik qarorlar, kelishuvlar, dasturlar va konseptual hujjatlar qabul qilindi. Ularning orasida davlat boshliqlarining Tashkilotni kengaytirishning ikkinchi bosqichi – Eronga a’zo davlat maqomini berish, shuningdek, Belarusni SHHTga qabul qilish tartib-taomilini boshlash to‘g‘risidagi prinsipial qarorlari alohida e’tiborni tortdi.

O‘zbekistonning eng asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri –SHHTning o‘zak-negizi sifatida Markaziy Osiyoning rolini mustahkamlashdan iborat. Kengayish jarayonlari natijasida Tashkilotga Janubiy Osiyo va O‘rta Sharq mamlakatlari qo‘shildi va bizning mintaqamiz bepoyon Yevroosiyo makonida joylashgan SHHT davlatlari o‘rtasida tabiiy ravishda bog‘lovchi bo‘g‘inga aylandi.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish SHHTga a’zo mamlakatlarning o‘zaro hamkorligini faollashtirish, xavfsizligini mustahkamlash va taraqqiyotini ta’minlashga ko‘maklashadi. 2017 yilda O‘zbekistonning tashabbusi bilan mintaqa mamlakatlarini jipslashtirgan va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratib bergan mintaqaviy birlashish bo‘yicha Markaziy Osiyo jarayoni harakatga keltirildi.

Ko‘plab dolzarb muammolarni hal etishni ta’minlagan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi hamda turli qo‘shma loyihalarning ishga tushirilishi tufayli tinch, barqaror va umumiy maqsadlar atrofida birlashgan Markaziy Osiyoni barpo etishga erishildi.

Bu yil O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari boshliqlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmida raislik qilmoqda. Ushbu yilning kuz faslida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo beshligi” sammiti Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayonida tub burilish yasashi kutilmoqda. Bu anjuman ikkitomonlama xalqaro masalalarni hal etish bosqichidan endilikda barcha mamlakatlar uchun ustuvor bo‘lgan umummintaqaviy vazifalar – mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini bartaraf etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash, energetika sohasini rivojlantirish, raqamli va “yashil” transformatsiyani amalga oshirish masalalarini hal etish bo‘yicha sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tishni boshlab beradi.

Xalqaro hamkorlik uchun yanada o‘zaro bog‘liq va ochiq bo‘lgani natijasida mintaqa SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘ptomonlama kooperatsiyaning faol ishtirokchisiga aylanmoqda. SHHT makonida barqarorlikni va Tashkilotimizning kelgusidagi yutuqlarini ta’minlashning favqulodda muhim omiliga aylangan holda, Markaziy Osiyodagi tarixiy o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan, barqaror va muqarrar tus oldi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

Xitoy, Shanxay tashkilotining ta’sischilaridan biri va uning eng asosiy ishtirokchisi sifatida, qariyb chorak asr davomida SHHT doirasidagi rivojlanish va ko‘ptomonlama hamkorlikni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xitoy tomoni Tashkilotning institutsional va shartnomaviy-huquqiy rivojida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Pekinda ta’sis etilgan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan organ – SHHT Kotibiyati hamkorlikni rivojlantirish va davlat boshliqlari tomonidan qabul qilingan qaror va kelishuvlarni amalga oshirishga muhim hissa qo‘shmoqda.

Xitoy rahbariyatining izchil va uzoqni ko‘zlab olib borgan siyosati, avvalo, XXR Raisi Si Szinpinning tashabbuslari Tashkilot doirasida zamonaviy hamkorlik arxitekturasini muvaffaqiyatli shakllantirishga ko‘maklashdi.

Xitoy terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash, SHHTning Toshkentdagi Mintaqaviy aksilterrorchilik tuzilmasi salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Geosiyosiy beqarorlik ortib borayotgan sharoitda Xitoy Xavfsizlik sohasidagi global tashabbuslar doirasida xavfsizlikning bo‘linmasligi, global tahdidlarga teng huquqlilik asosida yondashish hamda SHHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi haqidagi g‘oyalarni ilgari surmoqda. Ushbu prinsiplar inqirozlar, kiberxavf-xatarlar hamda transmilliy jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurash olib borish mexanizmlarini yanada rivojlantirish uchun yo‘nalish hisoblanadi.

Biz Xitoyning Afg‘oniston umumiy mintaqaviy xavfsizlikning ajralmas qismi va katta SHHT oilasining muhim a’zosi ekani haqidagi fikrini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Xitoy tomoni Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar va afg‘on muammosini hal etish bo‘yicha boshqa platformalarning o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini faollashtirishga, insonparvarlik yordamini kuchaytirishga, ushbu davlatni iqtisodiy jihatdan tiklashga ko‘maklashishga chaqiradi.

Shu munosabat bilan SHHTda kuzatuvchi davlat bo‘lgan Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalar hamda mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka jalb etishning prinsipial jihatdan ahamiyatini ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Ushbu mamlakat bir necha o‘n yillar davomida beqarorlik va mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan xavf-xatar o‘chog‘i bo‘lib keldi, lekin bugungi kunda u mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar manbaiga aylanmoqda. Shuning uchun ham O‘zbekiston Xitoy tomonining SHHT – Afg‘oniston Muloqot guruhi ishini tiklash haqidagi qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, bu xavfsizlikka nisbatan xavf-xatarlarga qarshi kurashish hamda ushbu mamlakatning ulkan resurs va tranzit salohiyatini amalga oshirish bo‘yicha masalalarni birgalikda hal etish imkonini beradi.

Taraqqiyot bo‘yicha global tashabbusni ilgari surib, Xitoy 2030 yilgacha bo‘lgan barqaror rivojlanish sohasidagi Kun tartibini amalga oshirishga katta hissa qo‘shmoqda, infratuzilmalar borasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilash, “yashil” va raqamli transformatsiya, kooperatsiyani chuqurlashtirishga ko‘maklashmoqda.

Keng ko‘lamdagi gumanitar hamkorlik SHHT doirasidagi hamkorlikning tobora muhim ustuvor yo‘nalishiga aylanib bormoqda. Xitoy, g‘oyat boy madaniy merosga va necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan holda, Sivilizatsiyalar bo‘yicha global tashabbusni muvaffaqiyatli ravishda ilgari surmoqda, bu mamlakatlarimiz xalqlarini madaniy-gumanitar jihatdan yaqinlashtirishga ko‘maklashmoqda.

SHHTning barqaror rivojlanish yili, deb e’lon qilingan 2024-2025 yillarda Xitoyning Shanxay tashkilotiga raislik qilishi mamlakatlarimiz iqtisodiy o‘sishining yangi drayverlari, jumladan, “yashil” va raqamli transformatsiyani shakllantirishga katta hissa bo‘lib qo‘shildi.

Xitoy tomoni Markaziy Osiyoning SHHTning o‘zak-negizi sifatidagi rolini qat’iy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, mintaqa mamlakatlari bilan ham ikkitomonlama asosda, ham Shanxay tashkiloti doirasida ishonchli, teng huquqli va o‘zaro foydali munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan siyosatni olib bormoqda.

Mintaqa mamlakatlarida amalga oshirilayotgan modernizatsiya strategiyalarining Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, ayniqsa, muhimdir. Shu o‘rinda Rais Si Szinpinning Sianda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi sammitda so‘zlagan nutqida bildirgan fikrlarini eslatib o‘tmoqchiman. U: “Barqaror, taraqqiy etgan, uyg‘un rivojlangan va o‘zaro bog‘liq Markaziy Osiyo dunyo uchun o‘ta zarurdir”, – deb ta’kidladi. Ushbu formatning Ostonada bo‘lib o‘tgan ikkinchi sammitida Xitoy yetakchisi “Xitoy – Markaziy Osiyo ruhi”ni ishlab chiqish va shakllantirishga chaqirdi, ishonchimiz komilki, bu “Shanxay ruhi”ga to‘laqonli ravishda mos keladi va SHHT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Ushbu nashrning ko‘plab o‘quvchilari shunday savol berishlari mumkin, deb o‘ylayman – bizning mamlakatimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida ishtirok etar ekan, O‘zbekistonning bu boradagi manfaatlari nimalardan iborat va biz bundan olishimiz mumkin bo‘lgan asosiy foyda va amaliy naf nimalarda ko‘rinadi?

Avvalo, bizning mamlakatimiz SHHT orqali dunyodagi beshta birinchi iqtisodiyot tarkibiga kiradigan Xitoy va Hindiston kabi a’zo davlatlarning yirik bozorlariga kirib boradi. O‘zbekistonning uchta eng yirik savdo sherigi bu – Xitoy, Rossiya va Qozog‘istondir.

SHHTga a’zo davlatlar transport-logistika sohasida hamkorlik bo‘yicha mamlakatimizning asosiy sheriklari hamdir. Tashkilotdagi sheriklarimiz bilan hamkorlikda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tranzit salohiyatini va real iqtisodiyotga investitsiyalar hajmini kengaytirishga ko‘maklashadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston hududida SHHT mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 7,5 mingdan ziyod kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda, bu – mamlakatimizdagi barcha xorijiy korxonalarning yarmidan ko‘pini tashkil etadi.

Shu tariqa SHHT – O‘zbekiston uchun nafaqat tashqi siyosiy maydon, balki milliy manfaatlarni amalga oshirish instrumentidir. Bizning tashkilot faoliyatidagi ishtirokimiz – tasodifiy tanlov emas, bu – strategik jihatdan puxta o‘ylangan, mamlakatimizning xavfsizligini, iqtisodiy o‘sishi va barqaror taraqqiyotini ta’minlaydigan qarordir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Shanxay tashkilotining kelajagini iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash, transport infratuzilmasini rivojlantirish, “yashil” tashabbuslarni ilgari surish, raqamli transformatsiya, shuningdek, gumanitar va ijtimoiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ko‘pqirrali va samarali platforma sifatida ko‘radi.

Xavfsizlikni ta’minlash SHHTning hal qiluvchi ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvlari mexanizmi doirasida hamkorlikni kengaytirish uchun faol harakat qilmoqda, bu – huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, yoshlar o‘rtasida radikallashuvning oldini olish bo‘yicha tajriba almashish, kiber xavf-xatarlarga qarshi kurashish va narkotrafik tarmoqlarining yo‘lini kesishga taalluqlidir. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ma’lumotlar almashish va xavfsizlik sohasida mutaxassislarni birgalikda tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biz savdo-iqtisodiy sohada SHHTning savdo va investitsiya salohiyatini har tomonlama yuzaga chiqarish uchun intilmoqdamiz. Savdo-sotiq yo‘lidagi to‘siqlarni soddalashtirish, bojxona tartib-taomillarini bekor qilish va unifikatsiya etish, SHHTning “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusida mujassam bo‘lgan maqsadlar bilan o‘zaro bog‘liqlik va uyg‘unlikni mustahkamlaydigan SHHT loyihalariga biznes vakillarini faol jalb etishni ushbu ishning eng muhim yo‘nalishi, deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston kichik va o‘rta biznesni, innovatsion tarmoqlarni rivojlantirish va zamonaviy “yashil” va raqamli texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun harakat qilmoqda. Elektron tijoratni rivojlantirish va “aqlli” logistika tizimlarini yaratishga doir qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlanmoqda, bu, o‘z navbatida, barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashmoqda.

O‘zbekiston tomoni SHHT doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan o‘zaro moliyaviy hamkorlikning ta’sirchan ko‘p tomonlama mexanizmini yaratish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi.

SHHTning Taraqqiyot bankini tashkil etish bu yo‘ldagi ezgu bir qadam bo‘lgan bo‘lur edi, u qo‘shma infratuzilma va texnologik loyihalarni amalga oshirish, moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini yuksaltirish hamda a’zo mamlakatlar mintaqalariga investitsiyalar oqimini rag‘batlantirish uchun platforma vazifasini bajarishi mumkin.

Transport-logistika tizimining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash amaliy hamkorlikning o‘ta muhim yo‘nalishidir. SHHT mamlakatlari uchun bu nafaqat mintaqaviy rivojlanish masalasi, balki Yevroosiyo makonida raqobatdoshlik va integratsiyani kuchaytirishning strategik imkoniyati hamdir.

Shu ma’noda, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘l magistralining barpo etilishi Xitoy – Markaziy Osiyo – G‘arbiy Osiyo iqtisodiy koridorini rivojlantirishga yangi turtki beradi, Markaziy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yuk tashish marshrutlarini ancha qisqartirish imkoniyatini yaratadi. Loyihaning amalga oshirilishi a’zo davlatlar va SHHT sheriklarining tranzit salohiyatini bir necha bor oshirishni ta’minlaydi, Tashkilotning butun makoni bo‘ylab o‘zaro transport bog‘liqligini tubdan yaxshilashga imkon beradi.

SHHT mamlakatlari transport strategiyalarini “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi va boshqa mintaqalararo loyihalar bilan integratsiyalashtirish hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga ko‘maklashadi. Bu uyg‘unlashtirilgan logistika tizimini yaratish, yuklarni tashish samaradorligini oshirish, SHHTning Yevroosiyodagi yirik transport-logistika markazi sifatidagi rolini kuchaytirish imkonini vujudga keltiradi.

Raqamlashtirish SHHT makonida iqtisodiy o‘sish va integratsiyaning istiqbolli drayveriga aylanmoqda. Yagona raqamli makon yaratish, eng yaxshi amaliyotlar bilan almashish va raqamli iqtisodiyot, bulutli hisoblashlar, katta ma’lumotlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqashtirishga alohida e’tibor qaratish zarur, deb hisoblaymiz.

Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq zamonaviy tahdidlar SHHTga a’zo davlatlar faoliyatini yanada yaqin muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlikni talab etmoqda. O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlariga moslashish, iqtisodiyotni korbonlashuvdan xoli etish, “toza” texnologiyalarni joriy qilish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi strategik yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish uchun izchil harakat qilmoqda.

Orol dengizining qurigan tubini yashil hududlarga aylantirish, “yashil belbog‘” va jamoat ekobog‘larini yaratish bo‘yicha ishlar alohida ahamiyatga ega bo‘lib, nafaqat ekologik vaziyatni yaxshilashga ko‘maklashadi, balki butun mintaqa manfaatlariga xizmat qiladi.

Agrar sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda oziq-ovqatni saqlash va tashish bo‘yicha infratuzilmalarni rivojlantirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash – O‘zbekistonning SHHT mamlakatlari bilan hamkorligining dolzarb yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston SHHT doirasida madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat bermoqda. Qo‘shma ta’lim dasturlari, ilm-fan sohasida akademik almashuvlar va loyihalarga, shuningdek, nafaqat milliy an’analarni ommalashtiradigan, balki o‘zaro ishonch va hurmat muhitini yaratadigan madaniy va sport tadbirlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish ham muhim yo‘nalishdir. SHHTga a’zo mamlakatlar sifatli va arzon mintaqaviy sayyohlik mahsulotlari taqchilligiga duch kelishmoqda, bu esa tarmoq rivojini orqaga tortmoqda. O‘zbekiston SHHT mamlakatlari va sheriklarining yetakchi turoperatorlari va aviakompaniyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish uchun harakat qilmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida haftada 46 ta yo‘lovchi aviaqatnovlari muntazam amalga oshirilmoqda. Yil oxiriga qadar ularning sonini 60 taga yetkazish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga, jumladan, SHHT mexanizmlaridan foydalangan holda erishish masalalarida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun izchil harakat qilishda davom etmoqda. SHHT doirasida tajriba almashish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun umumiy platformani shakllantirish muhimdir. Birgalikdagi bunday ish kambag‘allikni tugatish, inklyuziv va “yashil” o‘sish, umuman olganda, barqaror taraqqiyot borasida a’zo davlatlarga yangi shiddatli turtki berishi muqarrar.

Nihoyat, ishtirokchilar soni ortib, SHHT funksiyalari kengayib borayotganini hisobga olgan holda, Tashkilotning tarkibiy tuzilmasi va mexanizmlarini takomillashtirish uning samaradorligini oshirishning zarur shartiga aylanmoqda. Barcha mamlakatlarning manfaatlari va zamonaviy tahdidlarni inobatga olib, O‘zbekiston muvofiqlashtirish mexanizmlarini isloh etish va uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish tarafdori bo‘lib maydonga chiqmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston, SHHT doirasida faol hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, pragmatizm, milliy o‘ziga xos xususiyatlarga hurmat va barqaror taraqqiyotga intilish asosida mintaqaviy hamkorlikning yangi standartini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bizning mamlakatimiz va mintaqamiz tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, hatto kuchayib borayotgan mavhumlik sharoitida ham hamkorlik va gumanitar almashuvning samarali mexanizmlarini shakllantirish imkoniyati mavjud.

Xitoy va boshqa sheriklarimiz bilan birgalikdagi tashabbuslarni amalga oshirish O‘zbekistonga SHHTni Yevroosiyo makonidagi mustaqil joziba markaziga aylantirish uchun munosib hissa qo‘shish imkonini bermoqda. Ochiqlik, innovatsiya va ko‘pbosqichli hamkorlikka umid bog‘lash davrning dolzarb talablariga javob beradi va barcha a’zo davlatlar uchun yangi imkoniyatlarni shakllantiradi.

O‘zbekistonning strategik tanlovi aynan shundan – mintaqaviy jarayonlarning shunchaki bir qismi emas, balki o‘zaro ishonch va foyda tamoyili butun bepoyon mintaqaning taraqqiyot sur’atlarini belgilab beradigan umumiy kelajagimizning faol bunyodkori bo‘lishdan iborat.

Biz Xitoyning jadal rivojlangan megapolislaridan biri – go‘zal va maftunkor Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHT sammitini intiqlik bilan kutmoqdamiz. Ishonchim komil, ushbu siyosiy anjuman ishi muvaffaqiyatli tarzda o‘tadi va unda barcha a’zo davlatlar uchun muhim natijalarga erishiladi.

Fursatdan foydalanib, buyuk Xitoyning do‘st xalqiga chin dildan tinchlik, ravnaq va farovonlik tilayman.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xitoy ShHT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing