O‘zbekiston “o‘lim guruhi”da – “Opta”
Sport
−
15:27 6240 2 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionati guruhlari ishtirokchilarining kuchiga qarab reyting tuzildi. Eng kuchlilar qatorida O‘zbekistonning ham guruhi bor. Bu haqda “Opta” tahliliy portali xabar berdi.
Mutaxassislar har bir guruhdagi to‘rtta jamoaning o‘rtacha reytingini hisoblab, turnirning eng kuchli va eng zaif kvartetlarini aniqlagan.
Eng kuchli guruh deb Fransiya, Senegal, Norvegiya va Iroq terma jamoalaridan iborat “I” guruhi topildi. Ushbu guruh ishtirokchilarining o‘rtacha reytingi 81,8 ballni tashkil qildi.
Undan keyin o‘rtacha 81 ball bilan Kolumbiya, Portugaliya, O‘zbekiston va Kongo Demokratik Respublikasi joy olgan “K” guruhi qayd etildi. Shuningdek, Argentina, Avstriya, Jazoir va Iordaniya terma jamoalaridan tashkil topgan “J” guruhining o‘rtacha reytingi 80,5 ballni tashkil etdi.
Barcha Jahon chempionati ishtirokchilari orasida eng yuqori individual reyting Ispaniya terma jamoasiga berildi – 100 ball. Keyingi o‘rinlarda Fransiya (98,6), Argentina (98,5), Angliya (93,1) va Braziliya (92,2) joylashgan.
Eng past o‘rtacha reyting esa Shveysariya, Kanada, Bosniya va Gersegovina hamda Qatar terma jamoalaridan iborat “B” guruhida qayd etildi. Ushbu kvartetning o‘rtacha ko‘rsatkichi 70,8 ballni tashkil qildi.
“Opta” ma’lumotlariga ko‘ra, turnirdagi eng muvozanatli guruh “D” guruhi hisoblanadi. Unda Turkiya, Avstraliya, Xorvatiya va AQSH terma jamoalari o‘rin olgan. Jamoalar reytingi o‘rtasidagi farq juda kichik bo‘lgani sababli, pley-off yo‘llanmalari uchun kurashning qanday yakunlanishini oldindan bashorat qilish qiyin.
Ma’lumot uchun, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan tongi soat 07:00 da Meksikadagi “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, terma jamoa 23 iyun kuni Portugaliya bilan, 27 iyun kuni esa Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.
Live
Barchasi