O‘zbekiston ulamolari Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik maktubi yo‘lladi
Jamiyat
−
17:39 2431 3 daqiqa
O‘zbekiston ulamolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Ramazon oyi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi munosabati bilan minnatdorlik bildirib maktub yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
“Muhtaram Prezident! Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun xalqimizni muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a’zolari va taniqli ulamolar nomidan samimiy muborakbod etamiz. Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurt obodligi yo‘lida tunu kun qilayotgan fidokorona mehnatlaringizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin, ulkan zafarlar ato etsin!” deyiladi maktubda.
Shuningdek, unda Prezident bugun mamlakatda kechayotgan islohotlar jarayonida diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarni tiklashga qaratayotgan alohida e’tibori o‘zbekistonliklar qalbida shukronalik tuyg‘usini mustahkamlayotgani qayd etilgan.
“Tajriba va kuzatishlarimizdan ma’lumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha davlat rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi. Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilinayotgan bunday hujjatlar mazkur oyni yuksak insoniy fazilatlar, saxovat va mehr-muruvvat ayyomiga aylantirmoqda”, deyiladi maktubda.
Shuningdek, ulamolar Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning 16 fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishdagi tarixiy qarorlarini alohida e’tirof etgan.
“Ramazon oyi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi – davlatchiligimiz tarixida misli ko‘rilmagan muruvvat namunasi bo‘ldi.
Sizning ushbu tarixiy qaroringiz zamirida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan: “Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir”, degan muborak hadisi sharifdagi xolis va sof niyatlarning ulug‘ hikmati mujassamdir”, deydi ulamolar.
Bildirilishicha, xalq manfaati yo‘lidagi bu g‘amxo‘rlik tufayli minglab oilalarning mushkuli oson bo‘lib, millionlab dillar quvonchga to‘lishi, qancha nogironligi, kasalligi bor kishilarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berilishi, shubhasiz, mamlakatga fayzu baraka olib keladi.
“Siz Janobi Oliylari tashabbuskori bo‘layotgan bunday xayrli amallar xalqaro hamjamiyat va dunyo ulamolari tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Muborak hadisi shariflarda keltirilishicha, “Alloh taolo uchun eng maqbul amal – mo‘minning qalbiga quvonch kiritishdir”. Ulamolar Allohning nazarida bo‘lgan insonlar qalbiga farah bag‘ishlashni Yaratganni rozi qilish bilan qiyoslaganlar hamda siniq ko‘ngillarni ko‘tarish, mahzun dillarga umid berish va insonlarning og‘irini yengil qilish ilohiy muhabbatga sabab bo‘lishini alohida ta’kidlaganlar”, deyiladi maktubda.
Ulamolar, shuningdek, O‘zbekistonda 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Prezidentning islom ma’rifatiga qo‘shayotgan bebaho hissasi ekanini qayd etgan.
“Muhtaram Prezident! Sizdek adolatli, xalqparvar va yuksak e’tiqodli yurtboshini Allohning O‘zi yetkazgan. Sizni muborak oy bilan yana bir bor qutlab, sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin.
Alloh taolo sizdek vatanparvar, el-yurt dardi bilan yashaydigan farzandni tarbiya qilgan marhum Miromon Ota va Ma’rifatxon Onalarimizning oxiratlarini obod, qabrlarini nurga to‘ldirsin.
Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli va savobli amallarning ajru mukofotini ularning pok ruhlariga yetkazsin. Alloh taolo ularni O‘z rahmatiga olsin, jannatlarini maskan qilsin, Sizga esa ularning duolari soyasida yanada ulkan xizmatlar qilishni nasib etsin.
Yaratgan ushbu muborak kunlarda jonajon O‘zbekistonimizni o‘z panohida asrasin, ezgu niyatlarimiz ijobatini bersin”, deyiladi maktubda.