O‘zbekiston OTBning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shiladi
Jamiyat
−
04 may 1709 1 daqiqa
O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankining “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shiladi. Bu haqda bugun, 4 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tkazilayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yig‘ilishining ochilish marosimida aytib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun raqamli texnologiya va sun’iy intellekt deyarli barcha sohalarni mutlaqo yangi formatga olib chiqmoqda. Jahon savdo tashkiloti prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga borib, sun’iy intellekt hisobiga xalqaro savdo aylanmasi qo‘shimcha 40 foizga oshadi.
O‘zbekistonda ham axborot texnologiyalarini rivojlantirishga jiddiy kirishildi. Innovatsiya va bilimlarga asoslangan sun’iy intellekt xabini tashkil qilish boshlandi. Iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalari ustida ishlanmoqda.
Hududlarda data markazlar, super kompyuterlar va sun’iy intellekt laboratoriyalarini ko‘paytirish, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari”ni tayyorlash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda.
“Bu yo‘nalishlarda Osiyo taraqqiyot banki hamda AQSH, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Koreya va Xitoydagi hamkorlarimiz bizga yaqindan yordam berayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman”, degan Mirziyoyev.
Shuningdek, Mirziyoyev O‘zbekiston bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shilishini ma’lum qilgan hamda Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surgan.
Live
Barchasi