O‘zbekiston Olimpiada sovrindorlarini mukofotlash bo‘yicha MDHda qaysi pog‘onada?
Sport
−
14 iyul 2021
8930Avvalroq, O‘zbekistonda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlariga qancha mukofot puli berilishi to‘g‘risida xabar bergan edik. Unda Prezident qaroriga muvofiq g‘olib sportchi 200 000 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanishi aytilgan edi.
O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bilan MDH mamlakatlari orasida Qozog‘iston, Ozarbayjon va Latviyadan so‘ng 4 o‘rinda. Yuqoridagi davlatlarda Olimpiada g‘olibiga 250 000 AQSH dollari va’da qilingan.
Rossiya esa g‘olib sportchilarining hisob raqamiga 54,5 ming dollar atrofida (4 million rubl) mablag‘ o‘tkazib beradi. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Qirg‘iziston 143 ming, Tojikiston esa 26 ming dollardan ziyod mablag‘ni Olimpiya oltin medali uchun atletlarga taqdim etadi.
Joriy yilning 25 iyun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini ta’minlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda qayd etilishicha, Olimpiada o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan har bir oltin medal uchun 200 000, kumush medal uchun 100 000 va bronza medal uchun 50 000 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, ushbu mablag‘lar davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
Ma’lumot o‘rnida, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari Yaponiyaning Tokio shahrida joriy yilning 23 iyulidan 8 avgust kuniga qadar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi