O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi iste’foga chiqdi
Sport
−
11:12 812 2 daqiqa
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar tufayli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etdi. Bu haqda mamlakat futzal federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Mendes joriy yilning avgust oyining so‘nggi kunlaridan buyon yurak yetishmovchiligi bilan bog‘liq jiddiy tibbiy tekshiruvlardan o‘tib kelayotgan edi. Dastlab Toshkentda ko‘rikdan o‘tgan mutaxassis keyinchalik chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar uchun Madridga yuborilgan.
Ispaniyalik shifokorlar unga ma’lum muddat professional faoliyatidan tanaffus olish va jiddiy davolanish kursini o‘tash zarurligini ta’kidlagan.
Shu munosabat bilan Xose Mariya Mendes O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbariyatiga iste’foga chiqish to‘g‘risida murojaat qilgan. Federatsiya rahbariyati mutaxassisning murojaatini ko‘rib chiqib, uning salomatligi bilan bog‘liq vaziyatni inobatga olgan holda iste’fosini qabul qilgan.
O‘zbekiston futzal federatsiyasi Mendesga davolanish jarayonini muvaffaqiyatli o‘tkazishini, tezroq sog‘ayib, salomatligini to‘liq tiklashini tiladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlash bo‘yicha federatsiya qarori haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yanvar oyida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets ham sog‘lig‘idagi muammolar sabab terma jamoa bilan xayrlashgandi.
Live
Barchasi