O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentda tantanali kutib olindi
Sport
−
01 iyul 6059 2 daqiqa
Bugun, 1 iyul kuni ilk bor futbol bo‘yicha Jahon chempionatida qatnashgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi. Poytaxt aeroportida futbolchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ jurnalisti xabar berdi.
Marosimda hukumat vakillari, jumladan, Bosh vazir Abdulla Aripov ham ishtirok etib, so‘zga chiqqan. Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov, Sport vaziri Adham Ikromov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va boshqa rasmiylar futbolchilarni kutib olish uchun aeroportga yig‘ilgan.

“Omadsiz futbolchilar, divan ekspertlari ko‘p bo‘ladi. Ularni kechirib yuboringlar. Shuni unutmangki, bugungi avlodning jasorati kelgusi avlodlar uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Yangi g‘alabalar, yanada yuksak marralar sari olg‘a!” deydi Abdulla Aripov o‘z nutqida.

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov turnirdagi qayd etilgan natijaga qaramay, qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga rahmat aytdi.

“Birinchi navbatda, uchrashuvimizga, shunaqa natijaga qaramay, bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha shu yerga kelgan, qo‘llab-quvvatlagan, Amerikada turganimizda qo‘llab-quvvatlab turgan barcha muxlislarga minnatdorchiligimizni bildiramiz”, deydi jamoa sardori.

Terma jamoa hujumchisining so‘zlariga ko‘ra, mundialda qatnashish mamlakat futboli uchun yutuq bo‘ldi.

“Barcha futbolchilar jahon chempionatida borini berdi. Shuni ayta olaman. Yomon natijaga qaramay, bu narsadan O‘zbekiston futboli va O‘zbekiston yutdi deb o‘ylayman, chunki shuncha odamlarni birlashtira oldik shu futbol orqali. Bu, buning o‘zi bizni faxrlanishga arziydi deb o‘ylayman. Albatta, natija uchun barchadan uzr so‘raymiz”, deydi Eldor Shomurodov.
Live
Barchasi