O‘zbekiston kim tarafda? Saida Mirziyoyeva BMTda tarixiy nutq qildi
Tahlil
−
21:13 990 11 daqiqa
Dunyo qayta bo‘linayotgan, geosiyosiy o‘yinlar kuchaygan va ishonch nolga tenglashgan bir davrda yashayapmiz. Bir tomonda – Yevropa va Yaqin Sharqdagi qonli mojarolar, ikkinchi tarafda – yirik davlatlarning o‘zaro raqobati. Bunday pallada iqtisodiy jihatdan bir-biriga bog‘lanib ketadigan har bir davlat o‘zining strategik tomonlarini belgilashi shart. Bugun mamlakatlar ba’zida ochiq so‘ralayotgan, ayrim hollarda esa imi-jimida berilayotgan savol: “siz qaysi tarafdasiz?” degan so‘roq qarshisida qolyapti. BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasiga boshchilik qilgan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva minbardan turib O‘zbekiston pozitsiyasini ochiq aytdi. Bu tarixiy nutq AQSH vaqti bilan 23 sentyabr kuni yangradi.
“Bugun insoniyat oson bo‘lmagan davrda yashamoqda. Dunyo bo‘ylab urushlar davom etmoqda. Geosiyosiy keskinlik kuchaymoqda. Ishonch yo‘qolmoqda. Tengsizlik ortmoqda. Bunday paytlarda mamlakatlar tanlov oldida qoladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston o‘z tanlovini qildi. Bu – ochiqlik. Qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar. Dunyo bilan muloqot.Ochiqlik zaiflikni anglatmaydi. Aksincha, tinchlikka intilish kelajak uchun mas’uliyatni o‘z zimmaga olish demakdir. Biz mamlakatlar oldiga qaysi tarafni tanlaysiz, degan savol qo‘yilayotganini ko‘ryapmiz. O‘zbekistonning javobi aniq. Bizning tanlovimiz – inson qadri. Biz ta’lim olishga, kasb egallashga va o‘z kelajagini o‘zi belgilashga intilayotgan yoshlarni tanlaymiz. Chunki biz davlatchilikning haqiqiy qudratini uning harbiy yoki iqtisodiy salohiyati bilan o‘lchamaymiz. Mamlakat qudrati, avvalo, inson qadri, huquq va manfaatlarini qay darajada himoya qila olishi bilan belgilanadi. Shu bois, biz tinchlik, taraqqiyot va inson qadrini 3 ta alohida maqsad sifatida emas, balki yagona, yaxlit vazifa sifatida ko‘ramiz”, dedi Saida Mirziyoyeva.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Saida Mirziyoyeva tarixda ilk bor O‘zbekiston nomidan BMT Bosh Assambleyasining Oliy darajadagi umumiy munozaralari minbarida nutq so‘zladi. Taqriban 12 daqiqa davom etgan ushbu tarixiy chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Markaziy Osiyodagi tub o‘zgarishlar, O‘zbekistondagi islohotlar, ekologiya va Orol fojiasi, sun’iy intellekt taraqqiyoti, qonun ustuvorligi hamda inson huquqlarini ta’minlash masalalariga to‘xtaldi.
“Bugun hech bir millat, qanchalik qudratli bo‘lmasin, barcha global muammolarni yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydi. Hech bir tahdid milliy chegaralarda to‘xtab qolmaydi. Aynan shuning uchun bizga Birlashgan Millatlar Tashkiloti har qachongidan ham ko‘proq kerak. Bizga faqat qarorlar qabul qiladigan emas, balki ularni amalga oshirishga qodir bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kerak. Bizga har bir mamlakat ovozi eshitiladigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kerak”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari.
Bugun BMT o‘z tarixdagi eng og‘ir inqirozini boshdan kechiryapti. Urushlarni to‘xtata olmayapti, inqirozlarni hal qilmayapti. Qarang, Rossiya – Ukraina urushi boshlangandan beri BMT Bosh Assambleyasida urushni qoralovchi va qo‘shinlarni olib chiqib ketishni talab qiluvchi 6 ta yirik rezolyutsiya qabul qilindi. Ammo majburiy kuchga ega bo‘lgan Xavfsizlik Kengashining har bir qarori Rossiyaning veto huquqi sababli chippakka chiqdi.
G‘azo fojiasi bo‘yicha ham ahvol bundan yaxshi emas: Falastinga qarshi urush boshlanganidan beri BMT Xavfsizlik Kengashiga gumanitar sulh va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklif etilgan rezolyutsiyalarga AQSH 6 marta veto qo‘ydi. Bosh Assambleyada 150 dan ortiq davlat yoqlab ovoz bergan rezolyutsiyalar esa shunchaki qog‘ozda qolib ketdi.
Yaqin Sharqdagi so‘nggi keskinlikda ham BMT Xavfsizlik Kengashida AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush xavfini to‘xtatish bo‘yicha o‘nlab shoshilinch yig‘ilishlar o‘tkazildi, bayonotlar berildi, lekin biror bir yechim bera oladigan va amaliy mexanizm ishga tushmadi.
Yuzlab yig‘ilishlar, o‘nlab rezolyutsiyalar va nol natija! Aynan shu bois Saida Mirziyoyeva BMTni shunchaki bayonotlar beradigan emas, amalda ishlaydigan mexanizmga aylantirishni va veto huquqiga ega Xavfsizlik Kengashini bugungi voqelikka moslab isloh qilishni taklif qildi.
“O‘zbekiston BMT Bosh kotibining BMT-80 tashabbusi doirasidagi tashkilotni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibini zamonaviy voqeliklardan kelib chiqib, kengaytirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Kelgusi yilda O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni o‘z zimmasiga oladi. Keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda biz buni muloqot uchun yangi maydonlar yaratish mas’uliyati sifatida qabul qilamiz”, dedi Saida Mirziyoyeva.
Qo‘shilmaslik harakati – bu dunyodagi hech qaysi yirik harbiy-siyosiy blokka qo‘shilmagan hamda o‘z tashqi siyosatida doimo neytral pozitsiyani tanlagan davlatlarning eng yirik xalqaro birlashmasidir. U 1961 yilda, dunyo AQSH va SSSR boshchiligidagi ikki lagerga bo‘lingan og‘ir bir davrda tuzilgan. O‘sha paytda mustaqillikni qo‘lga kiritgan mamlakatlar yirik davlatlarning siyosiy o‘yinlarida shunchaki qurolga aylanmaslik va harbiy to‘qnashuvlarga tortilmaslik uchun “U tarafga ham, BU tarafga ham qo‘shilmaymiz”, degan prinsip bilan ushbu harakatga asos solgan.
Tashkilotning ko‘lami juda ulkan. A’zolar soni bo‘yicha u BMTdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi. Unda dunyoning 120 dan ortiq mamlakati jamlangan. Harakatning bosh g‘oyasi oddiy va aniq: boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, hududiy daxlsizlikni hurmat qilish, har qanday mojarolarni faqat diplomatiya orqali hal etish va eng muhimi – har bir mamlakatning o‘z mustaqil taraqqiyot yo‘lini belgilash huquqini himoya qilishdir.
2027–2029 yillarda ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga raislik qilish huquqi tarixda ilk bor O‘zbekistonga topshiriladi. Bu mamlakat tashqi siyosatining va mavqeining ulkan e’tirofi deyish mumkin.
“Shu ruhda O‘zbekiston 2035–2036 yillarda Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga o‘z nomzodini taklif qildi. Biz sizning qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilamiz. Biz uchun xalqaro huquq – manfaatlarga qarab o‘zgaradigan vosita emas. Bu barcha mamlakatlar uchun umumiy qoidadir. Umumiy huquqsiz umumiy adolat bo‘lishi mumkin emas”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari.
Shu o‘rinda sizda savol paydo bo‘lgandir. Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligi O‘zbekistonga nima beradi? Hatto veto huquqi bo‘lmagan taqdirda ham, doimiy bo‘lmagan a’zo sifatidagi ovoz juda katta siyosiy kuchga ega. Chunki yirik davlatlar o‘z rezolyutsiyasini o‘tkazish uchun aynan 10 ta doimiy bo‘lmagan a’zolarning “ha” degan ovozini olishga majbur bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistonga global masalalarda o‘z shartlarini qo‘yish, muzokaralar olib borish va Markaziy Osiyo manfaatlarini qat’iy himoya qilish imkonini beradi. Shu sababli O‘zbekiston o‘z nomzodini ilgari surishi – bu mamlakat tashqi siyosatidagi eng ulkan va jasoratli qadamlardan biridir.
Saida Mirziyoyeva nutq davomida Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro munosabati haqida ham gapirdi.
“Yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyo ko‘pincha hal etilmagan chegara nizolari, suv resurslarini boshqarish masalalari va boshqa ko‘plab mojarolar fonida tilga olinardi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mintaqadagi vaziyat va muhit butunlay o‘zgardi. Biz bir-birimizga tahdid manbai sifatida emas, balki hamkor sifatida qaray boshladik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston masalasiga yondashuvi ham xuddi shunday. Afg‘onistonga faqat xavf manbai sifatida qarash muammoni hal qilmaydi. Ko‘p millatli afg‘on xalqini o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirish ham yechim emas. Ularga tinch hayotga erishish uchun umid va ishonch berish kerak”, dedi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari.
Bu mavzuning mohiyatini tushunish uchun yaqin 10 yillikkacha bo‘lgan davrni qisman bo‘lsa ham eslash kerak. Bu paytda Markaziy Osiyo deganda xalqaro hamjamiyatning ko‘z oldiga bir-biridan arazlagan, chegaralarini yopgan davlatlar va yechimsiz mojarolar kelgani sir emas. Fakt bilan gapiraman. Mintaqada 20 dan ortiq bahsli chegara hududlari mavjud bo‘lib, nizoli hududlarda otishmalar va fojiali to‘qnashuvlar oddiy holga aylangandi. Suv va energetika resurslari bo‘yicha kelishmovchiliklar, eksklavlardagi blokadalar, vizaviy cheklovlar va o‘zaro savdoga qo‘yilgan sun’iy g‘ovlar mintaqani yillar davomida alohidalanib yashashga majbur qildi. Biroq so‘nggi yillarda diplomatik burilish yuz berdi.
Mintaqa tarixida ilk bor yangi siyosiy platforma – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yildi. 5 ta davlat rahbari ushbu oliy darajadagi sammit doirasida ketma-ket 6 marta uchrashdi. Ostonada ikkita sammit, Toshkent, Turkmanboshi, Dushanbe va Cho‘lpon-Otada yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi. Shu jarayonlarda barcha chalkash masalalarga muloqot orqali yechim topdi. Chegara masalalariga 100 foizlik nuqta qo‘yildi, suv-energetika konsorsiumini tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Har qanday siyosiy nutqning salmog‘i amaliy natijalar bilan o‘lchanadi. Aksincha u shunchaki balandparvoz gap bo‘lib qolaveradi. Shu sababli Saida Mirziyoyevaning BMT minbaridagi chiqishi faqat tashqi siyosiy bayonotlar bilan cheklanmadi. Prezident Administratsiyasi rahbari mamlakat ichidagi iqtisodiy va ijtimoiy burilishlarni xalqaro hamjamiyat e’tiboriga aniq raqamlar bilan taqdim etdi.
“O‘zbekiston rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo, odamlar hayoti yaxshilanayaptimi, degan mezonga asoslanadi. Biz natijalarni aynan shu mezon bilan o‘lchaymiz. O‘tgan 10 yil ichida aholimizning xarid qobiliyati ikki barobarga oshdi. Iqtisodiyotimiz 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga o‘sdi. 150 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya jalb qilindi. Eksport qariyb uch barobarga oshdi. Kambag‘allik darajasi 4 foizgacha kamaydi va qariyb 10 million kishi kambag‘allikdan chiqarildi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov 9 foizdan qariyb 45 foizga oshdi. O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66 yoshdan 75 yoshga oshdi. Onalar va go‘daklar o‘limi to‘rt barobarga kamaydi. Islohotning haqiqiy qiymati ana shu odamlar hayotida aks etadi. Bola – davlatning eng katta mas’uliyati. Agar bola sog‘lom tug‘ilmasa va sifatli ta’lim olmasa, biz faqat bir kishining emas, balki butun bir jamiyatning kelajagini xavf ostiga qo‘yamiz. Yaqin kunlarda biz Birlashgan MillatlarTashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi bilan demografik barqarorlik va inson kapitali masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot o‘tkazamiz. Oktyabr oyida esa Samarqandda xalqaro hamjamiyatni bolalar farovonligi masalalari atrofida birlashtiramiz”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari.
Orol dengizi deganda xayolingizga birinchi nima keladi? Qurigan hudud, kemalar qabristoni, ekologik muammo va yana nimalardir, to‘g‘rimi? Chunki rostdan ham bir vaqtlar dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l bo‘lgan Orol so‘nggi yarim asrda 90 foizdan ortiq suvini yo‘qotgan va uning o‘rnida 5,5 million gektarlik qum hamda tuzdan iborat ulkan sahro paydo bo‘ldi. Yillar davomida bu mavzu xalqaro anjumanlarda faqat achinish va kuzatish bilan cheklanib kelgan. Biroq Saida Mirziyoyeva BMT minbaridan turib Orol fojiasini faqat muammo emas, balki butun dunyo uchun ekologik yechimlar va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning sinov maydoniga aylantirish tashabbusini ilgari surdi.
“Markaziy Osiyoning butun dunyoga taqdim eta oladigan yana bir sabog‘i bor. Bu – Orol dengizi. U tabiiy ofat tufayli qurib qolgani yo‘q. Bu o‘nlab yillar davomida qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar va tabiatga nisbatan adolatsiz munosabatning oqibatidir. Yangi O‘zbekiston ushbu muammo ko‘lamini kamaytirish uchun qurigan dengiz tubida yashil maydonlar yaratmoqda. Biz zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etmoqdamiz. 2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Biz Orol dengizining faqat ekologik fojia timsoli bo‘lib qolishini istamaymiz. U ekologik yechimlar uchun sinov maydoniga aylanishi kerak. O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2027–2036 yillarni O‘rmonlarni tiklash va qayta tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi deb e’lon qildi. Bu rezolyutsiyani amaliy natijalar bilan mustahkamlash vaqti keldi”, dedi Saida Mirziyoyeva.
Sun’iy intellekt bugun dunyoni shiddat bilan o‘zgartirmoqda. Va bu borada texnologik poyga ham boshlanib ketgan. Lekin asosiy savol ochiq qolyapti: Texnologiya insonga xizmat qiladimi yoki inson mashinaga moslashishga majbur bo‘ladimi? Shu mazmundagi fikrlar ham yangradi.
“Bugun insoniyat yana bir ulkan o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Men sun’iy intellekt haqida gapiryapman. Ammo bir savol javobsiz qolmoqda. Texnologiya insoniyatga xizmat qiladimi yoki biz texnologiyaga moslashishga majburmizmi? Biroq, tamoyil aniq bo‘lishi kerak. Insoniyat va uning taqdiri texnologik taraqqiyotning markazida bo‘lishi lozim. Sun’iy intellekt inson huquqlari, xavfsizlik, teng imkoniyatlar va javobgarlikdan ajralmas bo‘lishi kerak. Texnologik taraqqiyot odamlarni o‘zgarishga majburlamasligi, aksincha, inson hayotini yaxshilashga xizmat qilishi lozim. O‘zbekiston bu borada xalqaro muloqotni kuchaytirish tarafdori”, dedi Saida Mirziyoyeva nutqi davomida.
Saida Mirziyoyevaning keyingi gaplari sud va huquq tizimi, majburiy mehnatga barham berilgani, oilavdagi zo‘ravonlikka qarshi qonunlar qat’iylashtirilgani haqida bo‘ldi.
“Hokimiyat qonundan ustun emas. Sudga murojaat qilgan har bir inson, kim bo‘lishidan qat’i nazar, adolat qaror topishiga ishonishi kerak. Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz huquqi tamoyillari asosida alohida xalqaro tijorat sudi tashkil etilmoqda. Biz bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnatga barham berdik. Biz oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirdik. Biz ayollar huquqlari va imkoniyatlari masalasida ham shu mezonga tayanamiz. Shu bois, biz ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun alohida tizim yaratdik. Bugun parlamentimizning 39 foizini ayollar tashkil etadi”, dedi u.
Saida Mirziyoyeva nutqining eng ta’sirli nuqtasi uning xotima qismida yangradi. Unda dunyo yetakchilarining kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyati, inson qadrini amalda yuksaltirish va quruq imkoniyatlardan emas, ularning natijasidan xulosa chiqarish kabi masalalar ko‘tarildi.
“Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi. Biz uni nafaqat o‘tmishni namoyish etadigan joy, balki ilm, tafakkur va ma’rifat maskani sifatida ko‘ramiz. Bugun ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellekt nafrat va stereotiplarni jadal sur’atlar bilan tarqatayotgan bir davrda bu haqiqatni yana bir bor eslatish muhim. O‘zbekiston madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqotni, ma’rifat va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni izchil davom ettiradi. Hurmatli janob rais, xonimlar va janoblar. Barchamiz inson qadri eng yuqori o‘rinda turadigan dunyoda yashashni istaymiz. Biz farzandlarimizga hozirgidan yaxshiroq dunyo qoldirishni xohlaymiz. Inson qadrini yuksak qadrlaydigan dunyo. Biroq, kelajak bizni oldimizdagi imkoniyatlar bilan emas, balki ulardan qanday foydalanganimiz bilan baholaydi. O‘zbekiston xalqi va Prezidenti tinchlik, ishonch va inson qadri ustuvor bo‘lgan dunyoni barpo etishga hissa qo‘shishga tayyor”, deya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari nutqini tugatdi.
Live
Barchasi