O‘zbekiston xalq baxshisi vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
25 avgust 9743 2 daqiqa
Bugun, 25 avgust kuni O‘zbekiston xalq baxshisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Shoberdi baxshi Boltayev 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
“Shoberdi baxshi Boltayev o‘zining butun hayotini baxshichilik san’atiga, milliy dostonchilik an’analarini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishga bag‘ishladi. U ko‘plab xalq dostonlarini yodlab, ustoz-shogird maktabini shakllantirishda, yosh baxshilarni tarbiyalashda va ularni xalqaro maydonlarga olib chiqishda fidokorona xizmat qildi. Uning ijrosi nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni mamlakatlarda va xorijiy sahnalarda ham keng e’tirof topgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Shoberdi Boltayev 1944 yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanining Munchoq qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab 1965 yilda Munchoq qishlog‘idagi Nodira nomli 8 yillik maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1968 yil Termiz davlat pedagogika institutining pedagogika fakultetida tahsil olgan.
Marhum “Alpomish”, “Oltin qovoq”, “Ollanazar Olchinbek”, “Kuntug‘mish”, “Suluvxon”, “Sanam gavhari”, “Malla savdogar”, “Oyparcha” kabi dostonlar va “Do‘mbiram”, “Mehmondir”, “Tilar”, “Nima kerak?”, “Bilmadi”, “Oypari” kabi termalarni kuylab, xalqqa tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston xalq artisti, balerina, raqqosa, ustoz va murabbiy Gulnora Mavayeva 94 yoshida vafot etgandi.