O‘zbekiston Xalqaro biologiya olimpiadasidan chetlatildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2024 yilgi Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO)dan chetlatilib, olimpiadada ishtirok etgan barcha o‘quvchilarning natijalari bekor qilindi. Shuningdek, IBO'ga a’zo davlatlar ro‘yxatidan ham chiqarib yuborildi. Bu haqda Xalqaro biologiya olimpiadasi tashkiloti xabar berdi. 

Bu qaror IBO boshqaruv kengashi tomonidan qabul qilingan va bunga O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan qoidalarga rioya qilinmaganligi sabab bo‘lgan. Bu esa respublikaning kelgusidagi ishtirokini ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Ismini oshkor qilishni istamagan mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, olimpiada jarayonida o‘zbekistonlik ishtirokchilar tomonidan akademik halollik tamoyillari buzilgan. Ya’ni, joriy yilning 7-14 iyul kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan olimpiadada bir nafar o‘zbekistonlik o‘quvchining test topshiriqlariga tarjima qilish jarayonida maxsus belgilar qo‘yilganligi qayd etilgan.

“Bizningcha, IBO boshqaruv kengashi bu qarorni darhol qabul qilmagan, sababi O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan 2010 yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Xalqaro biologiya olimpiadasida xuddi shunday holat kuzatilib, o‘shanda ham o‘quvchilarning natijalari bekor qilib yuborilgandi. Bunday holat O‘zbekiston bilan ikkinchi marotaba sodir bo‘lganligi sababli, IBO boshqaruv kengashi O‘zbekistonni olimpiada tashkilotiga a’zo davlatlar ro‘yxatidan ham chiqarib yuborgan bo‘lishi mumkin. Hech kimga sir emaski, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan ba’zi olimpiada, tanlov va musobaqalarda ham akademik halollik tamoyillarining buzilishi holatlari uchrab turadi. Bu esa nafaqat tanlovlarning adolatliligiga, balki ta’lim tizimining umumiy nufuziga ham jiddiy zarar yetkazmoqda”, deydi mutaxassis.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirovaning ma’lum qilishicha, Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu olimpiadada Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litsey pedagogi o‘quvchisiga yordam berishga harakat qilgan.

Ma’lumot uchun, Xalqaro biologiya olimpiadasi dunyo bo‘ylab eng iqtidorli va bilimdon o‘quvchilarni bir joyga to‘playdigan nufuzli olimpiada hisoblanadi. U har yili o‘tkazilib, biologiya fani bo‘yicha o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadi. O‘zbekiston ham bu olimpiadada 1997 yildan beri ishtirok etib kelayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Ostona shahri Xalqaro biologiya olimpiadasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing