O‘zbekiston Qozog‘istonga yarim yilda 12,6 mlrd kub metr suv berdi
Jamiyat
−
05 aprel
4227So‘nggi olti oy ichida O‘zbekiston Qozog‘istonga 12,6 milliard kub metr suv yubordi. Bu rejalashtirilganidan 1,7 milliard kub metrga ko‘proq. Bu haqda Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov bugun, 5 aprel kuni Samarqandda o‘tayotgan xalqaro iqlim forumining uchinchi yalpi majlisida so‘z ochdi.
“Ushbu suv janubiy viloyatlardagi dehqonlarni sug‘orish davrida ta’minlash uchun ishlatilmoqda. Suv diplomatiyasi va xalqaro hamkorlik – vazirligimiz faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlardan biridir. Transchegaraviy suvlarni taqsimlash va boshqarish, tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalarni birgalikda joriy etish butun Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi”, dedi vazir.
Shuningdek, vazir iqlim o‘zgarishlariga moslashish, suv resurslarini boshqarishda yangi yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash orqali suv tanqisligining oldini olish zarurligini ta’kidlagan.
Bildirilishicha, Shimoliy Orol dengiziga ham 1,8 milliard kub metrga yaqin suv yuborilgan. Bu prognoz qilinganidan 120 million kub metrga ko‘p. Shuningdek, “Do‘stlik” davlatlararo kanali orqali Qozog‘istonga 490 million kub metr suv yetkazib berilgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 4 aprel kuni Samarqand xalqaro iqlim forumi boshlandi. Forum ishida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan, Aholi punktlari bo‘yicha dastur ijrochi direktori Anaukladiya Rossbax, Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav va boshqalar ishtirok etdi. Forum bugun, 5 aprel kuni yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq suv sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhning XII yig‘ilishida Nurjan Nurjigitov va O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 2024 yil oktyabrdan 2025 yil oktyabrgacha Qozog‘istonga 16 milliard kub metrdan ortiq suv yuborish bo‘yicha kelishuvga erishgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi