O‘zbekiston farovonlik reytingida nechanchi o‘rinda?

Jamiyat

image

Legatum Prosperity Index’ning 2026 yilgi yangilangan reytingida O‘zbekiston dunyoning 161 ta davlatlari orasida 94-o‘rinni egalladi. Bu haqda “Prosperity Index” xabar berdi.

Jadval tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonning eng kuchli ko‘rsatkichi mahalliy hamjamiyat yo‘nalishida bo‘lib, mamlakat 19-o‘rinni egallagan. Shuningdek, ta’lim (37-o‘rin), ijtimoiy hamjihatlik (49-o‘rin) va ijtimoiy munosabatlar (52-o‘rin) bo‘yicha ham nisbatan yaxshi natija qayd etilgan.

Biroq mamlakatning eng zaif yo‘nalishi mulk huquqi bo‘lib, ushbu mezon bo‘yicha O‘zbekiston 136-o‘rinni egallagan. Shuningdek, iqtisodiy erkinlik (131-o‘rin), xavfsizlik (126-o‘rin) va shaxsiy erkinlik (105-o‘rin) yo‘nalishlaridagi natijalar ham pastligicha qolmoqda.

2023 yil bilan taqqoslaganda, ayrim ko‘rsatkichlarda ijobiy siljish kuzatilgan. Jumladan, farovonlik reytingi 92-o‘rindan 90-o‘ringa, boylik 104-o‘rindan 103-o‘ringa, iqtisodiy erkinlik 132-o‘rindan 131-o‘ringa yaxshilangan. Ijtimoiy hamjihatlik ham 51-o‘rindan 49-o‘ringa ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, bir qator yo‘nalishlarda pasayish qayd etilgan. Xususan, shaxsiy erkinlik 97-o‘rindan 105-o‘ringa, oila 50-o‘rindan 59-o‘ringa, mahalliy hamjamiyat 13-o‘rindan 19-o‘ringa, ijtimoiy munosabatlar 50-o‘rindan 52-o‘ringa, davlat institutlariga ishonch esa 76-o‘rindan 77-o‘ringa tushgan. Sog‘liqni saqlash (83-o‘rin), ta’lim (37-o‘rin), xavfsizlik (126-o‘rin) va mulk huquqi (136-o‘rin) ko‘rsatkichlari esa o‘tgan yilga nisbatan o‘zgarmagan.

Reytingning ilk uch pog‘onasini Shveysariya, Norvegiya va Irlandiya egallagan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani Qozog‘iston qayd etib, 66-o‘rindan joy olgan. Undan keyin Qirg‘iziston 87-o‘rin bilan mintaqada ikkinchi, O‘zbekiston esa 94-o‘rin bilan uchinchi bo‘ldi. Tojikiston 129-o‘rin, Turkmaniston 150-o‘rin va Afg‘oniston 155-o‘rindan joy olgan.

O‘zbekiston ayrim iqtisodiy va siyosiy jihatdan rivojlangan davlatlardan yuqori o‘rinni egalladi. Xususan, reytingda Saudiya Arabistoni 97-o‘rin, Turkiya 102-o‘rin, Rossiya 103-o‘rin, Ozarbayjon 105-o‘rin va Xitoy 110-o‘rindan joy olgan. Bu davlatlarning barchasi O‘zbekistondan keyingi pog‘onalarda qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi sifati bo‘yicha xalqaro reytingda 49-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing