O‘zbekiston AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuvni olqishladi
Jamiyat
−
12:51 738 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Amerika Qo‘shma Shtatlari va Eron Islom Respublikasi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolanganini olqishlab, uni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tiklash yo‘lidagi muhim diplomatik yutuq deb baholadi.
Vazirlik bayonotida qayd etilishicha, hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda erishilgan kelishuv keskinlikni yumshatish hamda tinchlikka erishish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston AQSH va Eron rahbariyatining hal qiluvchi pallada namoyon etgan siyosiy irodasi va uzoqni ko‘ra bilishini alohida e’tirof etgan. Ta’kidlanishicha, ushbu kelishuv xalqaro hamjamiyat uzoq vaqtdan buyon kutgan barqaror tinchlik uchun mustahkam zamin yaratadi.
TIV mazkur o‘zaro anglashuvga erishish uchun zarur sharoitlarni shakllantirishda muhim rol o‘ynagan Pokiston va Qatar hissasini, shuningdek Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr hamda boshqa mintaqaviy hamkorlarning sa’y-harakatlarini yuqori baholagan.
O‘zbekiston tomoni muzokaralarning keyingi bosqichlari konstruktiv ruhda davom etishi va erishilgan kelishuvlar amalda samarali ro‘yobga chiqarilishiga umid bildirgan.
Bayonotda nizolar va qarama-qarshiliklarni xalqaro huquq tamoyillari, o‘zaro hurmat hamda barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda diplomatik vositalar orqali hal etish tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning eng muhim sharti ekani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, 18 iyun kuni AQSH va Eron urushni yakunlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini ochishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini elektron shaklda imzolagandi. “Axios” nashri manbalariga ko‘ra, hujjat kuchga kirgan. Nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, kelishuv Hormuz bo‘g‘ozini imkon qadar tezroq ochish maqsadida jadallashtirilgan.
Tomonlar hujjatni elektron tarzda imzolashga kelishib olgan va avval rejalashtirilgan Jenevadagi rasmiy marosimga ehtiyoj qolmagan.
Shundan so‘ng, AQSH Eronga qarshi joriy etilgan dengiz blokadasini bekor qildi va mamlakat portlariga olib boradigan barcha dengiz yo‘llarini kemalar harakati uchun qayta ochdi.
Live
Barchasi