O‘zbekiston Afg‘onistonga 290 tonna hayitlik yubordi

Jamiyat

image

Bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi nomidan Afg‘oniston xalqiga 290 tonnadan ziyod insonparvarlik yordami yetkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur ezgu tashabbus Ramazon hayiti munosabati bilan afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirilgan.

Umumiy og‘irligi 290 tonnadan ziyod bo‘lgan insonparvarlik yuki – un, guruch, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, makaron, qandolat va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat. Insonparvarlik yukini rasman topshirish marosimi Hayraton shahrida bo‘lib o‘tgan.

Marosimda so‘zga chiqqan Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Mavlaviy Abu Idris, tashqi ishlar vazirligining Balx viloyati bo‘linmasi rahbariyati, shuningdek, Hayraton shahar hokimligi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg‘on xalqiga doimiy ko‘rsatib kelinayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, amaliy qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov hamda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hukumati Eron xalqiga insonparvarlik yordami yuborgandi. Oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, un, guruch, shakar, makaron mahsulotlari, kungaboqar yog‘i, konservalar, shuningdek, dori-darmon va tibbiy buyumlardan iborat gumanitar yuk Eron tomoniga yetkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Ramazon hayiti insonparvarlik yordami hayitlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing