O‘yinchoq yorilishi oqibatida 7 yoshli qiz kuyib qoldi

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaota shahrida 7 yoshli qiz stressga qarshi mo‘ljallangan yumshoq o‘yinchoqning yorilib ketishi oqibatida kimyoviy kuyish oldi. Holat yuzasidan Sud-tibbiy ekspertiza qo‘mitasi tekshiruv boshlagan. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.

“O‘yinchoq ichidagi gelga o‘xshash suyuqlik oqib chiqib, teriga yopishib qoldi. Keyin u teri bilan birga ko‘chib keta boshladi. Shifokorlar yelka va qo‘lning yuqori qismida kimyoviy kuyish tashxisini qo‘ydi”, dedi qizning onasi Asel Pak.

Ayol mahsulot xarid qilinganini tasdiqlovchi chek va tibbiy hujjatlarni saqlab qolganini, endilikda esa o‘yinchoqning xavfsizligi bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilishini talab qilayotganini bildirgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga mashhur “skvishi” turidagi yumshoq o‘yinchoqning nusxasi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Qozog‘iston Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi stressga qarshi o‘yinchoqlar uchun alohida xavfsizlik talablari mavjud emasligini ma’lum qildi. Bunday mahsulotlar bolalar o‘yinchoqlariga nisbatan qo‘llaniladigan umumiy texnik qoidalarga bo‘ysunadi.

Qo‘mita mutaxassisi Rozalina Ermekpayevaning ta’kidlashicha, mamlakat hududida sotilayotgan barcha bolalar o‘yinchoqlari muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi shart. Shu sababli ota-onalar xarid vaqtida sotuvchidan mahsulotning xavfsizligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish huquqiga ega.

Hozirda hodisa yuzasidan tekshiruv davom etmoqda. Agar bolaning jarohati mahsulotning belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermagani oqibatida yuzaga kelgani aniqlansa, ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.

Mutaxassislar esa ota-onalarni kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan bolalar mahsulotlarini xarid qilmaslikka hamda kichik yoshdagi bolalarni o‘yinchoqlar bilan qarovsiz qoldirmaslikka chaqirdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing