Kurs UZS

USD

12 953.20

15.09

EUR

14 058.11

-18.55

RUB

151.13

1.14

USAID O‘zbekiston va “Tolibon” orasida janjal chiqarmoqchimi?

Tahlil

Qo‘shtepa ortidagi navbatdagi sirlar

2022 yilda “Tolibon” Markaziy Osiyodagi navbatdagi jiddiy muammolarga sabab bo‘luvchi loyihani boshlagandi. O‘zbekiston va Turkmanistonda suv bilan bog‘liq halokatli vaziyat hosil qilishi aytilgan Qo‘shtepa kanali qurilishining start olishi xavotirli qarshi olindi. 2023 yilda O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev esa mazkur kanal loyihasi ortida “boshqa kuchlar” ham borligini ma’lum qilgandi. Mazkur haftada esa o‘shanday taxminiy kuchlardan birining nomi o‘rtaga chiqdi. Afg‘onistondagi Qo‘shtepa suv inshooti qurilishi loyihasi AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligidan yashirin tarzda moliyalashtirilgan va bu yordam “Tolibon” davrida ham davom etgan deya da’vo qilinmoqda. Bu mazmundagi maqola hafta oxirida tarixi bir asrdan ko‘proq bo‘lgan, dastlab Sovet Ittifoqi, keyinchalik Putin Rossiyasining targ‘ibot mashinasi sifatida faoliyat olib borishi aytiladigan “Izvestiya” nashri tomonidan chop etildi. Nashrga ko‘ra, loyiha qiymati 700 million dollarni tashkil etadi va kanalning 80 foizi qurib bitkazilgan, ammo kelajagi kun sayin mavhumlashayotgan USAID yordamining uzilishi qurilishning to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin. “Izvestiya” ushbu suv inshootining qurilishi nazoratsiz amalga oshirilayotgani, kanalning ibtidoiy tarzda qazilishi sug‘orish tizimining buzilishiga va ekologik oqibatlarga olib kelishi, shuningdek, Amudaryodan suv oqimining burilishi Turkmaniston va O‘zbekistonda suv inqiroziga olib kelishi haqidagi anchdan buyon aytilayotgan prognozlarni takrorlagan. USAID'ning ushbu loyihani moliyalashtirish motivi sifatida esa agentlik Markaziy Osiyodagi vaziyatni beqarorlashtirishga va Qobul ustidan ta’sir o‘tkazishga intilgani taxmin qilingan.

“Izvestiya” nashrining maqolasida keltirilgan ba’zi nuqtalarga qo‘shilmaslikni iloji yo‘q. Jumladan, Qo‘shtepa kanali USAID tomonidan moliyalashtirilgan taqdirda, uni “Tolibon” qurayotgani hisobga olinsa, bu boradagi ishlar ibtidoiy tarzda amalga oshirilayotgan bo‘lishi tabiiy. Buni hatto 2023 yilning oxirida kanal qurilishi davomida unda jiddiy avariya yuz bergani va “Tolibon” buni bartaraf etmaganidan ham bilish qiyin emas. O‘shanda kanaldan suv sizib chiqish holati yuz bergandi. 5 noyabr kuni suv tarqalgan hududning maydoni 19,5 km kv, 25 noyabrda – 23,8 km kv, 13 dekabrga borib esa 30,3 km kv ni tashkil etib, suvni to‘xtatish choralari ko‘rilmagandi.  Ekspertlar fikricha, ushbu holat kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagani natijasida yuzaga kelgan. Ammo mazkur avariyadan so‘ng, kanal qurilishiga mas’ul afg‘on muhandislari yerosti sizot suvlarining me’yorini nazorat qilish maqsadida kanalning 75,6-kilometrida suv maqsadli ravishda ochiq hududga yo‘naltirilganini ta’kidlagandi.

Qo‘shtepa kanali 3 bosqichda qurib bitkazilishi lozim. Afg‘oniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat shimolidagi mazkur kanal qurilish jarayonining ikkinchi bosqichi allaqachon 81 foizga, to‘g‘on qurilishi esa 67 foizga bajarilgan. Ishning ikkinchi bosqichi 2024 yilda boshlangan va 2025 yilning martida yakunlanishi rejalashtirilgan edi, biroq “Izvestiya”ning yozishicha, yuqorida ta’kidlanganidek, uning 700 million dollarlik mablag‘i Tramp ma’muriyati tomonidan muzlatib qo‘yilgan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligidan (USAID) kelgan. Moliyalashtirishning to‘xtatilishi esa loyihaning amalga oshirilishiga ta’sir qilishi mumkin. Nashrning holatdan xabardor manbasiga ko‘ra, USAID bu loyihani Afg‘onistonning avvalgi hukumati davrida moliyalashni boshlagan, biroq hukumat o‘zgardi, “Tolibon” keldi va amerikaliklar “Tolibon”ga nisbatan butunlay boshqacha munosabatda bo‘lishiga qaramay, moliyalashtirish davom etdi. “Izvestiya”ning manbasi homiylik turli manbalar ostida yashiringanini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, Qo‘shtepani USAID orqali moliyalashtirishni davom ettirish qarori Vashingtonning ikki tomonlama o‘yini bo‘lgan. “Izvestiya” manbasi AQSH undan bir vaqtning o‘zida bir nechta davlatlarga ta’sir o‘tkazish dastagi sifatida foydalangan degan fikrni o‘rtaga tashlagan. Unga ko‘ra, bir tomondan, loyiha “Tolibon”ning tashqi moliyaviy oqimlarga qaramligini oshirib, Vashingtonga Qobul ustidan yashirin nazoratni saqlab qolish imkonini beradi. Boshqa tomondan esa, O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonda suv resurslarining qisqarishi mintaqadagi barqarorlikni buzish uchun keskinlik nuqtalarini yuzaga keltirishi mumkinligi aytiladi.

Aslida esa Afg‘oniston shimolidagi cho‘l hududlarini Amudaryo suvlari bilan sug‘orish g‘oyasi 50 yildan ko‘proq vaqt oldin mamlakatning birinchi prezidenti Muhammad Dovud Xon davrida paydo bo‘lgan. Biroq bu rejalar 1979 yilgi inqilob va undan keyingi fuqarolar urushi tufayli barbod bo‘ldi. Loyiha 2018 yilda sobiq prezident Ashraf G‘ani davrida qayta ochilgan. Loyihaga ko‘ra, suv kanalining uzunligi 285 kilometr, kengligi 100 metrni tashkil qiladi. Loyihachilarning fikricha, kanal Balx, Juzjon va Faryob viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish imkonini beradi. Amudaryo esa Markaziy Osiyoning asosiy daryolaridan biri va u O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘onistonni suv bilan ta’minlaydi. Biroq  so‘nggi o‘n yilliklarda uning suv sathi keskin pasayib ketdi. Qo‘shtepa esa har doim ta’kidlanib kelinganidek, vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Uning qurilishi suv taqsimoti muvozanatini buzadi. Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kanal hisobiga Amudaryoning quyi oqimidagi ko‘llar zarur suv oqimining atigi 30 foizini oladi. Bu esa cho‘llanish jarayonining tezlashishi va qurg‘oqchilikning kuchayishiga olib keladi.

“Piyonistalar”ning yuzlab qurbonlari

Joriy yil 24 – yanvar kuni Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida o‘tgan 2024 yil mobaynida 9364 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi oqibatida 2203 nafar inson halok bo‘lgani va 8901 nafar inson tan jarohati olganini ma’lum qilingandi. Albatta, YTHlar turli sabablarga ko‘ra sodir bo‘ladi. Tezlikni belgilangan me’yordan oshirish, yo‘llardagi nosozliklar, piyodalar omili, qoidalarga rioya qilmaslik va yana shunga o‘xshash omillardir. Bularning ko‘pchiligi ehtiyotsizlik, e’tiborsizlik yoki kutilmagan baxtsiz hodisalar bo‘lishi mumkin. Ammo ular ichida yana bir jihat borki, bu atrofdagilar joni va hayotiga bepisandlik va ularni sariq chaqaga ilmaslikdan boshqa narsa emas. Bu mast holatda avtomobil boshqarib, insonlar o‘limiga olib kelgan avtotransport hodisasini sodir etishdir. Chunki spirtli ichimlik yoki boshqa moddalar ta’sirida ulov boshqaruviga o‘tirish ongli ravishda yo‘ldagilarning hayotini xavf ostiga qo‘yishdir. Bu borada esa O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda yuzlab hayotdan ko‘z yumishlar kuzatilgan.

14 mart kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishida O‘zbekistonda 2020–2024 yillar davomida mast haydovchilar sababli 600 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va  buning oqibatida 322 nafar fuqaro halok bo‘lganligi ma’lum qilindi. Shuning uchun mazkur yig‘ilishda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan Jinoyat kodeksining 266- ya’ni “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” moddasini o‘zgartirish va unga qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar muhokama qilingan.

Shu o‘rinda mast holatda avtotransportni boshqarib, fuqarolar o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilarga bugungi qonunchilikka ko‘ra, qanday jazo qo‘llanilishiga to‘xtalsak. Amaldagi Jinoyat kodeksining 266-moddasiga binoan, Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa — uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanashini belgilangan. Bordiyu o‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa - muayyan huquqdan mahrum qilish, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agarda shu qilmish bir necha odamlar o‘limiga, halokatga va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, uni sodir etgan shaxs muayyan huquqdan mahrum qilinishi va o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Albatta mast holatda rulga o‘tirib, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari hayoti va xavfsizligini mensimaslik, oxir-oqibatda esa halokatli qilmish sodir etish uchun yuqorida belgilab qo‘yilgan jazo choralari «yumshoq» yoki yetarli emasdek ko‘rinishi tabiiy. Shu bois bunday holatlar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda va ijtimoiy tarmoqlar orqali amaldagi qonunchilikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oliy Majlis Senati qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Yuqorida so‘z borayotgan yig‘ilishda esa Bosh prokuratura, Adliya va Ichki ishlar vazirliklari hamda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan taqdim etilgan takliflar asosida ishchi guruh tomonidan berilgan takliflar muhokama qilingan. Jinoyat kodeksining yuqorida qayd etilgan moddasida belgilangan huquqbuzarlikni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs yoxud mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxs tomonidan sodir etilganda og‘irroq jazo choralarini qo‘llashni nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasini tayyorlash uchun mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruh shakllantirish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Suriya uchun tarixiy hafta

O‘tgan hafta Jo‘loniy boshchiligidagi yangi Suriya uchun juda jiddiy sinovli kunlar edi. Mazkur hafta esa Shom uchun o‘ziga xos tarixiy ahamiyat kasb etdi. 6 mart kuni Latakiyada boshlangan Asad mansub bo‘lgan alaviylarning isyoni 10 mart kuni qirg‘in alomatlari bilan bostirildi. Bu Damashqdagi yangi ma’muriyat uchun ba’zi savollarni keltirib chiqargan bo‘lsada, 10 mart kuni Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara Latakiya viloyatida yuz bergan inqiroz muvaffaqiyatli yengib o‘tilganini ma’lum qildi. Su jarayonlar fonida “North Press Syria” nashri xabariga ko‘ra, aynan shu kuni Suriya o‘tish davri hukumati mamlakatdagi kurdlar bilan kelishuvga erishgan. Bu esa amalda mamlakatning 30%ini nazorat qilib kelgan Kurd avtonom ma’muriyatining yangi Suriya hukumat tarkibiga integratsiyasini anglatadi. Nashrning yozishicha, muvaqqat hukumat Suriyaning shimoli-sharqini nazorat qiluvchi “Suriya demokratik kuchlari” bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, Kurd avtonom ma’muriyatining fuqarolik va harbiy institutlari Suriya hukumati tarkibiga qo‘shiladi. Shartnomada Suriya shimoli-sharqidagi muayyan ob’ektlar, jumladan, chegara postlari, aeroport hamda neft va gaz konlari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu kelishuv esa 2025 yil oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Asad rejimi ag‘darilgach, yangi Suriya hukumati Ahmad ash-Shara boshchiligida mamlakatda faoliyat yuritayotgan qurolli guruhlarni tarqatib yuborishga va butun hudud ustidan nazorat o‘rnatishga harakat qilib kelayotgandi.

Shundan ko‘p o‘tmay, Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara besh yillik o‘tish davri uchun mo‘ljallangan vaqtinchalik konstitutsiyaviy deklaratsiyani imzoladi. Ahmad ash-Shara hujjatni imzolash asnosida ushbu deklaratsiya “Suriya tarixining yangi bosqichini boshlab berishi”ga umid bildirgan. Deklaratsiyada avvalgi Suriya konstitutsiyasining ayrim moddalarini saqlab qolish nazarda tutilgan. Jumladan, mamlakat prezidenti musulmon bo‘lishi shartligi va islom huquqi respublikadagi qonunchilikning asosiy manbayi ekani qayd etilgan. BBC xabariga ko‘ra, hujjatda hokimiyat tarmoqlarining ajratilishi va sud tizimining mustaqilligi mustahkamlangan. Shuningdek, ayollar huquqlari, fikr bildirish erkinligi va ommaviy axborot vositalari erkinligi kafolatlanadi. Deklaratsiyada Bashar Asad rejimi davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun sud javobgarligiga tortish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Muvaqqat konstitutsiyaviy deklaratsiya Suriya Xalq kengashi ya’ni parlamentga prezidentni lavozimidan chetlatish yoki uning vakolatlarini cheklash huquqini beradi. Biroq “Al Jazeera”ga ko‘ra, bunday chora amaliyotda qiyin bo‘lishi mumkin, chunki parlamentning uchdan bir qismini prezidentning o‘zi tayinlaydi, qolganlari esa u tanlagan qo‘mita tomonidan shakllantiriladi.

“Savdo urushi”dagi 3-front

Trampning “savdo urushi”da ko‘p o‘tmay 3-front ham paydo bo‘ldi. AQSH prezidentining tashabbusi bilan boshlagan bu urush Yevropa Ittifoqini ham o‘z domiga tortdi. Fevral oyining oxirida AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan tovarlar, jumladan, avtomobillarga 25 foiz boj joriy etishini e’lon qilgan edi. O‘shanda AQSH Prezidenti YeIni AQSHga zarar yetkazish maqsadida yaratilgan tuzilma deb atab, qit’a mamlakatlari avvaldan AQSHga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lganini ta’kidlagandi. Oradan ko‘p o‘tmay mazkur hafta, 12 mart kuni Qo‘shma Shtatlar Yevropa Ittifoqi va boshqa savdo hamkorlaridan import qilinadigan po‘lat, alyuminiy hamda ayrim mahsulotlarga 25 foizgacha bo‘lgan bojlar joriy etdi. AQSH tomonidan e’lon qilingan ushbu yangi tariflar joriy yil aprel oyi o‘rtalarida kuchga kiradi.

Bunga javoban esa, Yevrokomissiya qit’aning biznesi, ishchilari va iste’molchilarini himoya qilish uchun qator tadbirlar, xususan, AQSHning asossiz bojxona tariflariga javoban chora ko‘rishini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, bojlar sanoat mahsulotlariga, jumladan, po‘lat va alyuminiy mahsulotlari, maishiy texnika hamda xo‘jalik anjomlariga joriy qilinadi. Shuningdek, bu choralar mol go‘shti, dengiz mahsulotlari, tuxum, sut mahsulotlari va sabzavotlar kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham qamrab oladi.

Ammo Ittifoq buni birdaniga emas, balki Kanadaning AQSHga qilgan javob choralari singari bosqichma-bosqich amalga oshirmoqchi. Jumladan, dastlab, 1 apreldan boshlab AQSHning 8 milliard yevro qiymatidagi mahsulotlariga javob tariqasida cheklovlar joriy qilinadi. Ikkinchi bosqich esa 13 aprel kunidan boshlab amalda bo‘ladi. Bu bosqichda esa 18 milliard yevro qiymatidagi mahsulotlarga nisbatan savdo cheklovlari kuchga kiradi. Natijada Yevroittifoqning javob choralarining umumiy hajmi AQSHdan import qilinadigan 26 milliard yevro qiymatidagi mahsulotlarni qamrab oladi. Yevrokomissiya bayonotiga ko‘ra, bu AQSHning yangi bojlaridan yetkazilishi kutilayotgan zararga teng miqdorni tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Suriya Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi Tolibon USAID Qo'shtepa Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing