“US Open” sovrin jamg‘armasi $100 milliondan oshgan birinchi tennis turniri bo‘ldi
Sport
−
12:09 418 1 daqiqa
AQSH ochiq chempionati tennis tarixida mukofot jamg‘armasi 100 million dollardan oshadigan birinchi turnir bo‘ladi. Bu haqda musobaqa matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilgi “US Open” turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 108 million dollarni tashkil etadi.
Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida g‘oliblar 5,5 million dollardan, finalchilar esa 2,8 million dollardan mukofot oladi. Juftlik va aralash juftlik bahslarida g‘oliblarga 1 million dollardan, finalchilarga esa 500 ming dollardan beriladi.
Tennisdagi eng katta sovrin jamg‘armasi bo‘yicha avvalgi rekordi ham “US Open”ga tegishli bo‘lib, 2025 yilda musobaqaning mukofot jamg‘armasi 90 million dollarni tashkil etgan edi. Qolgan “Katta dubulg‘a” turnirlarida esa bu ko‘rsatkich hech qachon 80 million dollardan oshmagan.
“US Open” mavsumning so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri hisoblanadi. Musobaqa qattiq qoplamali kortlarda o‘tkaziladi va joriy yilning 23 avgustdan 13 sentyabrga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun, turnirning amaldagi chempionlar – ispaniyalik Karlos Alkaras va belaruslik Arina Sobolenko hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoning 1-raqamli tennischisi, belaruslik Arina Sobolenko hamda 24 karra “Katta dubulg‘a” g‘olibi serbiyalik Novak Jokovich “US Open” musobaqasida aralash juftlik bahslarida birga ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi