Urush baribir bo‘ladimi? Tramp Amerikasi Eronga ko‘z tikdi
Tahlil
−
23 fevral 2598 10 daqiqa
Vashington va Tehron o‘rtasidagi sovuq munosabatlar allaqachon “qaynoq” nuqtaga yetib keldi. AQSHning hujum qilish ehtimoli 90% deb baholanmoqda. Navbatdagi urush bilan bizni atigi “bir qadam” ajratib turgan ko‘rinadi.
1979 yilgi Eron Islom inqilobidan so‘ng boshlangan nodo‘stona aloqalar bugunga kelib jiddiy dushmanchilik kayfiyati bilan qorishib ketdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Xomanaiy ma’muriyati bilan pachakilashib o‘tirmoqchi emas. Fors ko‘rfazi yaqinida AQSHning harbiy aviatashuvchilar armadasi joylashtirilgan, Eronga qo‘shni mamlakatlardagi Amerika harbiy bazalari hujumga tayyorlanmoqda, Isroil armiyasi ham yuqori jangovar shaylik holatida. Shubhasiz, bunchalik katta “dabdaba” Tehron ma’muriyatini shunchaki qo‘rqitib qo‘yish uchungina qilinmayapti.
AQSH nima xohlaydi?
Donald Trump uchun Eron masalasi – shunchaki tashqi siyosiy mojaro emas, balki ichki va global auditoriyaga yo‘naltirilgan kuch namoyishi hamdir. Bu yondashuv o‘z saylovchilariga bergan “AQSH manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yish” va oldingi ma’muriyatlarning “zaif” kelishuvlaridan voz kechish haqidagi va’dalarining amaldagi isboti sifatida talqin etilmoqda. Shu tariqa Tramp o‘zini qat’iyatli va murosasiz yetakchi sifatida namoyon etmoqchi ko‘rinadi.

Yanvar oyida Eronning bir qator shaharlarida yuzaga kelgan namoyishlar dunyo hamjamiyatining kuchli e’tiborini torti. Mamlakatda yuzaga kelgan inflyatsiya va amaldagi hokimiyatning siyosatiga nisbatan boshlangan ommaviy noroziliklarning kuch bilan bostirilgani haqidagi xabarlar butun dunyoda, ayniqsa, Vashingtonda keskin reaksiya uyg‘otdi. Go‘yoki inson huquqlarini himoya qiluvchi superqahramon, “demokratiya posboni” kabi Trampning e’lon qilgan talablari navbatdagi harbiy harakatlarni boshlash uchun bahona bo‘ldi.
“Men, agar ular odamlarni o‘ldirishni boshlasa, odatda tartibsizliklar paytida Eron shunday qiladi, biz ularga juda qattiq zarba berishimizni aytdim”, degan edi Tramp, 8 dekabr sanasidagi intervyusida.
Rasmiy Tehron ushbu talablarga javoban, namoyishlar vaqtida hech kim o‘ldirilmaganligi va bu hatto rejada ham yo‘qligini e’lon qilgan. Garchi AQSH tazyiqlaridan keyin rasmiy qatllar sodir etilmagan bo‘lsa-da, o‘lganlar soni oshib bordi. AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari yangiliklar agentligi (HRANA) 25 yanvar kuni e’lon qilgan xabarga ko‘ra, namoyishlar davomida qariyb 5800 dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgan. Hisobotda 17091 kishining o‘limi hali ham ko‘rib chiqilayotgani aytilgandi. Ammo rasmiylar tomonidan taqdim etilgan raqamlar o‘zgacha, Ichki ishlar vazirligi va Shahidlar hamda faxriylar jamg‘armasi qo‘shma bayonotiga ko‘ra, qurbonlar soni 3117 nafar.
Garchi tayinli dalillar bo‘lmasa-da, ko‘p o‘tmay AQSH Eron qirg‘oqlari yaqinida harbiy harakatlarga tayyorlana boshladi. Xususan, “USS Abraham Lincoln” aviatashuvchisi Fors ko‘rfazi yaqinida, endi “USS Gerald Ford” gigant aviatashuvchi kutilmoqda. Bu oddiy rotatsiya emas, balki siyosiy signal ham. Vashingtonning hisob-kitobiga ko‘ra, ichki beqarorlik Eronni tashqi bosim oldida yanada zaiflashtirishi mumkin edi. Ammo namoyishlar tezda nazoratga olingach, “qo‘zg‘alon kartasi” kutilganidek ishlamadi.
.jpg)
Ammo Tramp harbiy tahdidlarni yakunlashni o‘ylagani ham yo‘q. Tez orada, kun tartibiga yana bir eski, ammo doimiy masala – Eronning yadroviy dasturi qaytdi. AQSH o‘tgan asrdan buyon Tehronni yadroviy ambitsiyalar orqali mintaqaviy ustunlikka erishishga urinishda ayblab keladi. O‘tgan 2025 yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Eron-Isroil o‘rtasidagi “O‘n ikki kunlik urush” ham, undan oldingi va keyingi tarangliklarning ham yagona sababi sifatida aynan shu yadro dasturi ko‘rsatib kelinadi. Xullas, yadroviy tahdid Vashingtonning navbatchi bahonasiga aylanib ulgurgan. Oq uy pozitsiyasi aniq: Eron yadroviy qurolga yaqinlashmasligi kerak.
Chindan ham, Eronning yadro quroliga ega bo‘lishi bu faqatgina AQSH yoki Isroilga tahdid emas, global tinchlik uchun ham xavf hisoblanadi. Gap – faqat atom bombasida emas, kuchlar muvozanatida ham. Agar Eron yadro salohiyatini oshirsa, bu Isroil, Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi davlatlari xavfsizligiga bevosita tahdid sifatida talqin qilinadi. Bu tahdid esa qurollanish poygasiga start berib yuboradi va hamma o‘z yadro quroli ustida ishlay boshlaydi. Turkiya kabi Yaqin Sharqning yetakchi davlatlari, boy arab mamlakatlari “Nega Eronda bor-u, bizda yo‘q”, deb qurollanish poygasiga “sho‘ng‘ib” ketadi. Bu esa o‘z navbatida, dunyoda o‘rnatilgan yadroviy muvozanatga jiddiy zarba beradi.
Mana shunday geosiyosiy keskinlik fonida 20 fevral kuni Tramp Tehronga kelishuv uchun 10-15 kun muhlat berganini e’lon qildi. Shubhasiz bu diplomatik ultimatum. Oq uy Eron bitimga rozi bo‘lmasa, “yomon hodisalar sodir bo‘lishi mumkin” ekanligini ta’kidlagan.
“Biz barchamiz kelishuvga erishamiz deb o‘ylayman yoki bu ular uchun baxtsiz hodisaga aylanadi. Mening fikrimcha 10-15 kun yetarli”, deydi Tramp.
Tahdidli intervyular ortidan bir qator AQSH bazalarida harbiy tayyorgarliklar boshlab yuborilgani haqida xabarlar urchimoqda. Dengizdagi Amerika harbiy kuchlari bilan bir qatorda, Eronga yaqin qator mamlakatlarda, jumladan, Iordaniyada AQSH harbiy samolyotlari soni keskin oshishi “AQSHning hujum qilish niyati qat’iy”, degan tasavvurni uyg‘otadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH aviatsiya guruhining joylashtirilishi Iordaniyadagi Muvaffaq Salti harbiy bazasida qayd etilgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, ayni damda bazada 60 dan ortiq AQSH harbiy samolyotlari mavjud bo‘lib, bu ko‘rsatkich ushbu ob’ektdagi odatiy miqdordan deyarli uch baravar ko‘pdir.

Ba’zi mutaxassislarning fikricha, bunday tayyorgarliklar ochiq urush boshlash uchun emas, balki bosimni maksimal darajaga yetkazish uchun, xolos. Ammo, hamma ham bu fikrga qo‘shilmoqchi emas.
Savol tug‘iladi: AQSH aslida nimani xohlaydi? Rejim almashuvinimi? Yoki faqat yadroviy dasturdan voz kechishni? Tahlilchilarga ko‘ra, Trampning strategiyasi ikki qatlamli. Birinchisi – maksimal bosim orqali Eronni yangi, Vashington uchun qulayroq kelishuvga majbur qilish. Ikkinchisi – ichki auditoriyaga qat’iyat ko‘rsatish.
Eron qanday yo‘l tutadi?
Eron – bir necha ming yillik davlatchilik tarixiga ega, ulkan imperiyalar ko‘rgan, bosqinlarni yenggan va inqiloblar ichidan omon chiqqan mamlakat. Shu bois, Tehron uchun taslim bo‘lish yoki ochiq bo‘ysunish siyosiy o‘lim bilan barobar.
Ammo, bugungi vaziyat tarixiy “romantika”dan ko‘ra ancha murakkab. Yanvar oyidagi namoyishlar davlat apparatini holdan toydirdi. Garchi rasmiylar vaziyatni nazoratga olgan, tuzum ham saqlab qolingan bo‘lsa-da, biroq siyosiy va iqtisodiy charchoq saqlanib qolmoqda. Mana shunday qiyin vaziyatda AQSHning qurol bilan “eshik qoqishi”, Eronni o‘z qadriyatlarini chetga surib, asosiy dushmani bilan muzokara stoliga o‘tirishga majbur qilishi mumkin. Ammo, Trampning o‘rtaga tashlagan talablari Tehronning o‘z pritsiplaridan qaysidir ma’noda voz kechib, bo‘yin egishga majbur qiladi.
Shu nuqtada savol tug‘iladi: Tehron qanday yo‘lni tanlaydi? Birinchi variant – keskin qarshilik va maksimal javob. Bu yo‘l ayni hokimiyatning shakllangan imidjiga xos. Ammo ushbu simulyatsiya urush xavfini oshiradi va iqtisodiy tanazzulni chuqurlashtiradi.
Ikkinchi variant – murosaga intilish. Eron diplomatiyani inkor etmaydi. Aksincha, u ikki tomonga ham birdek maqbul keladigan kelishuv izlamoqda. Tehron to‘liq chekinmasligi aniq, biroq ma’lum shartlar evaziga vaqtincha yon berishi mumkin.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi aytishicha, tomonlar hozir yadroviy dasturning, jumladan, boyitish jarayonining tinch maqsadlarda ekanini va shundayligicha qolishini kafolatlash mexanizmlarini muhokama qilmoqda. Buning evaziga sanksiyalar bo‘yicha muayyan choralar ko‘rilishi ehtimoli bor. Garchi u tafsilotlarni ochiqlamagan bo‘lsa-da, diplomatik kelishuv yo‘li qidirilayotganini va tez orada unga erishilishini aytib o‘tgan.
Biroq, Tehron bir haqiqatni yaxshi biladi: AQSH bilan kelishuv – doimiy kafolat emas. Vashington ilgari ham o‘ziga ma’qul bo‘lmagan xalqaro hujjatlardan chiqib ketgan, bir necha bitimlarni bir tomonlama bekor qilgan. Shuning uchun Eron strateglari ehtiyotkor. Ular bugun imzolangan hujjat ertaga siyosiy kon’yunktura o‘zgarishi bilan qog‘oz parchasiga aylanishi mumkinligini yaxshi biladi.
Shu sababli Tehronning ehtimoliy strategiyasi ikki qatlamli bo‘lishi mumkin. Rasmiy ravishda – kelishuv, diplomatiya va nazorat ostidagi cheklovlar. Norasmiy ravishda esa – ilmiy va texnologik salohiyatni saqlab qolish. Ya’ni, agar kelishuv imzolansa ham, Eron yadroviy bilim va infratuzilmani to‘liq yo‘q qilmaydi. Zarurat tug‘ilganda tezkor tiklash imkoniyati saqlanadi. Bu ochiqcha e’lon qilinmaydi, ammo siyosiy realizm shuni taqozo etadi.

Qisqa qilib aytganda, Tehron qil ko‘prik ustida yuribdi. Bir tomonda milliy g‘urur va qarshilik mafkurasi, ikkinchi tomonda iqtisodiy reallik va xalqning sabri. Eron uchun eng maqbul yo‘l – vaqt yutish.
Parda ortida
Yaqin Sharq allaqachon yetarlicha qon va beqarorlik ko‘rdi. Suriyadagi ko‘p yillik urush mintaqani murakkab vaziyatga solib qo‘ydi. Bugun esa hech kim “ikkinchi Suriya” paydo bo‘lishini istamaydi. Shu bois AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytda dunyo “vaziyatni urushga olib bormang”, deb ogohlantirmoqda. Berlin, Parij va Bryussel diplomatik kanallarni ochiq saqlash zarurligini ta’kidlayapti. BMT ham tomonlarni muzokaraga qaytishga undamoqda.
“Biz Qo‘shma Shtatlar va Eron Islom Respublikasini kelishmovchiliklarni hal qilish uchun diplomatiya bilan shug‘ullanishda davom etishga chaqiramiz”, deydi Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakili Dujarrik matbuot anjumanida.
Ba’zi davlatlar esa Eronni AQSHga qarshi mojaroda yolg‘iz qoldirmoqchi emas. Ayrim davlatlar va qurolli guruhlar ochiqchasiga Tehronni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Tolibon hamda Hizbulloh agar AQSH Eronga hujum qilsa, jim qarab turmasliklarini e’lon qilgan. Bu esa mojaroning faqat ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘lib qolmasligini anglatadi. Eng yomoni, har qanday zarba mintaqaviy domino effektini keltirib chiqarishi mumkin.
Xo‘sh, mana shunday keskin vaziyatda AQSH uchun Erondagi tuzumni ag‘darish qay darajada muhim? Rasmiy Vashington urush tahdidini Eronning yadroviy dasturi bilan izohlaydi. Oq uy ritorikasida asosiy urg‘u – Tehronning yadro quroliga yaqinlashayotgani. Ammo masala faqat atom bombasida emas. Eronning yadro dasturi qay darajada harbiy maqsadlarga yo‘naltirilgan, hali bu aniq emas. Erondagi Hizbulloh hokimiyati esa, avvalo Isroil uchun strategik tahdid sifatida ko‘riladi.

Shu nuqtada AQSH siyosatiga parda ortidan ta’sir o‘tkazib keluvchi Isroil lobbisining ahamiyatini alohida ta’kidlash lozim. Teokratik Eronning kuchayishi, mintaqada yana bir “yadroli” davlatning paydo bo‘lishi Isroil uchun xavfsizlik masalasini yana o‘rtaga tashlaydi. Garchi Netanyaxu ma’muriyati o‘zida yadro quroli borligini rasman tan olmasa-da, butun dunyo bundan xabardor. Isroil esa mintaqada bunday qudratni boshqalar bilan bo‘lishishni istamaydi. Demak, Eronning yadroviy salohiyati – nafaqat global xavfsizlik, balki mintaqaviy ustunlik masalasi hamdir.
Ammo parda ortidagi o‘yin bundan ham kengroq. Eron – dunyodagi eng yirik neft zaxiralariga ega davlatlardan biri. U global energiya bozorida muhim o‘rin tutadi. Eron neft zaxiralari hajmi bo‘yicha, dunyoda Venesuela va Saudiya Arabistonidan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Taxminan 208,6 milliard barrel neftga ega ushbu davlat dunyoga jami neft zaxiralarining qariyb 12% qismini o‘zida jamlagan. Sutkasiga o‘rtacha 3,9 – 4,1 million barrel yoqilg‘i qazib oluvchi Eron o‘z neftining qariyb 90% dan ortig‘ini bir davlat – Xitoyga eksport qiladi. Sanksiyalarga qaramay, Eron neftni yashirin va bilvosita yo‘llar bilan eksport qilishda davom etmoqda. Pekin uchun Eron nefti arzon va strategik manba.
Agar AQSH Eron neftini global bozordan siqib chiqarsa yoki Tehronda o‘ziga yaqin hukumat shakllantira olsa, bu Xitoy uchun jiddiy zarba bo‘ladi. Chunki energiya – iqtisodiyotning qoni. Rossiya allaqachon urush girdobida va sanksiyalar ostida. Prezidenti o‘g‘irlangan Venesuela ham yil boshidayoq Vashington nazoratiga o‘tdi. Shunday bir vaziyatda AQSHning asosiy geoiqtisodiy raqibi Xitoyni barcha energiya ta’minotidan ayirish shakllanib kelayotgan potensial raqibni yo‘q qilishga yordam beradi. Bu orqali Vashington dunyodagi yagona gegemonligini saqlab qolmoqchi. Neft zaxiralarini egallab, go‘yoki “mehribon akadek” Ukrainadagi urushlar fonida Rossiya mahsulotlari, jumladan neftiga nisbatan taqiq qo‘yib, buning ortidan bozorda yuzaga kelgan ehtiyojni o‘z mahsuloti bilan qondirish qaysidir ma’noda adolatsiz ammo, aqlli o‘yin.

Demak, ehtimoliy hujum yoki bosim kampaniyasi faqat Trampning siyosiy obro‘si yoki yadroviy dastur bilan bog‘liq emas. Bu – geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘yin. Mintaqada ta’sir doiralarini qayta taqsimlash, energiya yo‘llarini nazorat qilish va global raqibni zaiflashtirish strategiyasi.
Xulosa qilib aytganda, sahnada yadroviy mojaro ko‘rinadi, ammo sahna ortida energiya xaritalari, lobbichilik tarmoqlari va katta davlatlar o‘rtasidagi kurash turibdi. Eronga zarba berish – bu bir davlatni jazolash emas, balki global kuch muvozanatini qayta yozish urinishidir. Savol shuki, bu o‘yin kimning foydasiga yakunlanadi va uning badalini yana kim to‘laydi?
Live
Barchasi