Urganchda BYD haydovchisi 3 ta avtomobilni qasddan shikastladi (video)
3-sahifa
−
11:15 5574 2 daqiqa
Xorazmda BYD avtomashinasi haydovchisi qasddan atrofda turgan bir nechta avtomobillarga shikast yetkazib, yo‘l-transport hodisasi sodir etdi. Bu haqda viloyat IIBning axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Urganch shahrida BYD rusumli avtomashina haydovchisi tomonidan bir necha transport vositasiga shikast yetkazilayotganligi aks etgan videolavhalar tarqaldi. Viloyat IIB tomonidan tarqalgan video yuzasidan rasmiy munosabat berildi.
Unda qayd etilishicha, holat joriy yilning 4 avgust kuni Urganch shahrining “Istiqlol” mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Shu mahallada yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan Sh.B. hamda Urganch tumanining “Shermatlar” mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan X.B. o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan.
Shundan so‘ng, X.B. o‘ziga tegishli bo‘lgan qora rangli BYD Chazor rusumli avtomashinani keskin boshqarib, Sh.B. ga tegishli Cobalt rusumli avtomashinaga, shuningdek, voqea joyida to‘xtab turgan boshqa fuqarolarga tegishli oq rangli BYD Chazor hamda Damas rusumli avtomashinalarga qasddan shikast yetkazgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida transport vositalari texnik shikastlangan bo‘lib, fuqarolarga tan jarohati yetmagan.
Mazkur huquqbuzarlik yuzasidan “Tashvish tugmasi” orqali kelib tushgan xabarga asosan voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan huquqbuzarning harakatlari to‘xtatilib, ishtirokchilarning barchasi Ichki ishlar organiga olib borilgan.
Bildirilishicha, hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Urganch shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Cobalt rusumidagi mashina haydovchisi avtomobillarga shikast yetkazib, IIO xodimlarining talabiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgandi.
Live
BarchasiQo‘yliqda ham yong‘in sodir bo‘ldi
06 avgust