Umraga borgan 170 dan ortiq ziyoratchi O‘zbekistonga qaytolmayapti
Jamiyat
−
06 aprel 8538 2 daqiqa
Saudiya Arabistoniga Umra safari uchun borgan 170 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari mamlakatga qayta olmayapti. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh konsulxona diplomatlari ayrim jismoniy shaxslar orqali umra ziyoratiga kelib, qiyin ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining muammolarini joyida o‘rganish hamda ular bilan suhbatlashish maqsadida Makka shahrida joylashgan mehmonxonalarga tashrif buyurgan.
Diplomatlarning ma’lum qilishicha, ayni paytda mehmonxonalarda jami 170 nafardan ortiq ziyoratchi O‘zbekistonga qaytishni kutib turibdi.
Ziyoratchilarning aytishicha, ular 14 kunlik Umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida Saudiya Arabistoniga kelgan. Biroq, safarni tashkil etgan shaxslarning yolg‘on ma’lumotlari va xatolari oqibatida ular hozirga qadar mamlakatga qayta olmagan.
Suhbat davomida ziyoratchilar o‘zlarining og‘ir ahvoli haqida so‘zlab, guruhning katta qismi keksa yoshdagi insonlardan iborat ekanini ta’kidlagan. Ular orasida infarktni boshidan o‘tkazgan, qandli diabet, qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan va doimiy ravishda dori-darmon iste’mol qiladigan shaxslar borligi ham qayd etilgan. Ziyoratchilar mamlakatga qaytish masalasida O‘zbekiston hukumatidan amaliy yordam so‘ragan.
Ziyoratchilarga ular ruxsatnomasiz tashkil etilgan safar doirasida kelgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonga qaytish bo‘yicha murojaatlari Bosh konsulxona tomonidan belgilangan tartibda tegishli idoralarga yetkazilishi ma’lum qilingan. Shu bilan birga, mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqish ma’lum vaqt talab qilishi inobatga olinib, vaziyat yanada og‘irlashib ketmasligi uchun imkoniyatdan kelib chiqqan holda o‘z hisoblaridan aviachipta xarid qilib, O‘zbekistonga qaytish tavsiya etilgan.
Shuningdek, ziyoratchilarni qiyin ahvolga solgan shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng tegishli idoralarga murojaat qilish mumkinligi tushuntirilgan.
“Hozirgi kunda ushbu holat Bosh konsulxona tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, vaziyat yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Jondor tumanida odamlarni Umra safariga jo‘natmoqchi bo‘lgan firibgar er-xotin ushlangandi.
Live
Barchasi