O‘lsak ham shu yerda, o‘z yerimizda o‘lamiz! – Falastinlik dehqon
Olam
−
28 iyul 3998 4 daqiqa
Isroil bosib olgan G‘arbiy Cohilda isroillik ko‘chmanchilarning hujumlari va harbiy reydlar tobora kuchayib, vaziyat “portlash nuqtasi”ga yaqinlashayotgani aytilmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Falastinliklarning aytishicha, o‘tgan hafta Nablus janubi-g‘arbidagi Tal qishlog‘ida yuz bergan to‘qnashuvlardan so‘ng Isroil armiyasi o‘nlab odamlarni qo‘lga olgan va G‘arbiy Sohildagi yo‘llarni yopgan. Hodisada 4 nafar falastinlik va 2 nafar isroillik halok bo‘lgan. Kecha, 27 iyul kuni ertalab Tal, qo‘shni qishloqlar hamda Nablusga kirish yo‘llarining aksariyati qisman yoki to‘liq yopilgani sababli nazorat-o‘tkazish punktlarida uzun navbatlar yuzaga kelgan.
Joriy yilning 24 iyul kungi hodisa qishloq aholisi qurollangan ko‘chmanchilar guruhi uylarga kirishga uringanini aytganidan keyin sodir bo‘lgan. Isroil armiyasi esa o‘nlab falastinliklar va isroillik fuqarolar o‘rtasida “zo‘ravonlik bilan kechgan to‘qnashuv” yuz bergani va har ikki tomondan o‘q uzilganini ma’lum qilgan.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu hukumati ushbu voqeani terrorchilik harakati sifatida baholagan. Falastinliklar esa qishloq aholisi ularni yerlaridan haydashga qaratilgan navbatdagi ko‘chmanchilar hujumiga qarshi o‘zini himoya qilganini ta’kidlamoqda. 24 iyul kungi to‘qnashuvda halok bo‘lgan falastinliklardan birining otasi, 71 yoshli Ahmad Ramazonning aytishicha, qishloq chetida joylashgan ularning uyi uzoq vaqtdan beri ko‘chmanchilar tomonidan tahdid va ta’qiblarga uchrab kelgan.
“Ular bizni terrorist deyishadi. Biz terrorist emasmiz”, degan Ramazon.
Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lgan isroillik ko‘chmanchi – yaqin atrofdagi Havat Gilad aholi punkti xavfsizlik koordinatori va harbiy zaxirachi Benayahu Mellet avval ham uning uyiga kelib, oilasini Suriya yoki Iordaniyaga ketishga chaqirgan.
“Hatto o‘lsak ham, shu yerda, o‘z yerimizda o‘lamiz. Bu mamlakatni tark etish niyatimiz yo‘q”, degan Ramazon.
Uning aytishicha, agar ko‘chmanchilar yana kelsa, qishloq aholisi qarshilik ko‘rsatishga tayyor.
Isroil rasmiylari dastlab voqeani qishloq yaqinida sayr qilayotgan isroilliklarga falastinliklar hujum qilgani sifatida tavsiflagan. Mazkur hudud G‘arbiy sohilning A zonasiga kiradi va bu yerga isroilliklarning kirishi odatda taqiqlangan.
Tal qishlog‘i aholisi ko‘chmanchilar birinchi bo‘lib hujum qilganini, shundan keyin qishloq aholisidan biri ulardan birining qurolini tortib olganini bildirgan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda ko‘chmanchilarning falastinliklar yashaydigan hududlarga kelib, ularni qo‘rqitish va tahdid qilish holatlari ko‘paygan. Shu bilan birga, Netanyaxu hukumati vazirlari G‘arbiy sohilni anneksiya qilish haqida ochiq gapirmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon ko‘chmanchilar bilan bog‘liq hodisalarda 18 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich butun 2025 yil davomida 17 nafarni tashkil etgan. Falastin milliy ma’muriyati esa yil boshidan beri ko‘chmanchilar qo‘lida kamida 20 nafar falastinlik halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Qishloq aholisining aytishicha, 24 iyuldan beri Talda har kuni harbiy reydlar o‘tkazilmoqda. 60–80 nafar atrofida odam qo‘lga olingan bo‘lib, qishloq kengashi raisi o‘rinbosari Munzer Shtayyaning ma’lum qilishicha, ulardan 30 nafari hali ham hibsda saqlanmoqda.
“Hozir butun harbiylar ko‘chalarda”, degan Tal qishlog‘i aholisi vakili Kamol Shtayya.
Oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida Netanyaxu hukumati G‘arbiy Sohilda yangi aholi punktlari qurilishini yanada faol ma’qullamoqda. Hukumat vakillari buni Isroil nazoratini mustahkamlash chorasi sifatida izohlamoqda.
BMT, Falastin tomoni va aksariyat davlatlar mazkur aholi punktlarini xalqaro huquqqa zid deb hisoblaydi. Isroil esa G‘arbiy sohil bahsli hudud ekani va mamlakatning bu yer bilan tarixiy bog‘liqligi borligini ta’kidlab keladi. 72 yoshli fermer Ahmad Shtayyaning aytishicha, sabrning ham chegarasi bor.
“Har qanday inson o‘zini himoya qiladi”, degan u jurnalistlarga.
Pomidor, anjir va baqlajon yetishtiruvchi fermerning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chmanchilar unga dalasida ishlayotganida ham yaqinlashib, bu yer Isroilniki ekanini aytishadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil askarlari o‘z qo‘l-ostidagi Falastin yerlari hududida joylashgan ikki qishloqqa hujum qilib, qishloq xo‘jaligi yerlari va bug‘doy dalalariga o‘t qo‘ygandi.
Live
Barchasi