O‘lat xavfi: JSST Rossiyadagi vaziyat sababini aniqlay olmadi
Olam
−
10:38 382 2 daqiqa
Rossiyaning Irkutsk viloyatida Irkutsk o‘latga qarshi ilmiy-tadqiqot markazi xodimining pnevmoniyadan vafot etishiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hodisa bilan bog‘liq kasallik tarqalishi kuzatilayotganiga dalil topilmaganini, Rossiyada o‘lat holati qayd etilmaganini bildirdi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 2 oktyabr kuni laboratoriya xodimi noma’lum sababga ko‘ra pnevmoniyadan vafot etgan. Shundan so‘ng Rossiya rasmiylari u bilan aloqada bo‘lgan qariyb 200 kishini karantinga olgan. Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda xavotirlarga sabab bo‘lgan.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, marhuma va u bilan aloqada bo‘lgan odamlardan olingan tahlillar tekshirilgan xavfli patogenlar bo‘yicha manfiy natija bergan. Shuningdek, marhuma bilan aloqada bo‘lganlarda kasallik alomatlari kuzatilmagan, u bilan bog‘liq boshqa og‘ir pnevmoniya holatlari ham aniqlanmagan.
“Bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, JSST ushbu hodisa bilan bog‘liq kasallikning davom etayotgan yuqishiga dalil topmadi. Biroq marhum laboratoriya xodimiga aniq tashxis qo‘yilmagani asosiy noaniqlik bo‘lib qolmoqda“, deyiladi tashkilot bayonotida.
Rossiya rasmiylari marhuma zarur emlashlardan o‘tganini va uning organizmida laboratoriyadagi faoliyati bilan bog‘liq mikroorganizmlar aniqlanmaganini bildirgan.
Joriy yilning 8 oktyabr kuni Rossiya marhuma bilan aloqada bo‘lgan barcha odamlarning tibbiy tekshiruvlari yakunlanganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, JSSTga belgilangan tartibda barcha zarur ma’lumotlar taqdim etilganini bildirgan.
COVID-19 pandemiyasidan keyin xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotlari sababi noma’lum pnevmoniya holatlarini alohida kuzatib kelmoqda. Biroq ayrim holatlarda kasallikning aniq sababini aniqlashning imkoni bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Irkutskdagi o‘latga qarshi institutda ishlagan 28 yoshli laborant Darya Shipilovaning o‘limi haqida ma’lum bo‘lgan edi. “Rospotrebnadzor“ buni pnevmoniya bilan, bir qator manbalar esa o‘lat bilan bog‘ladi. Marhuma bilan aloqada bo‘lgan 200 ga yaqin kishi izolyatsiya qilingan edi. Shelexovdagi shifoxona va “Lyudi Baykala“ ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutskdagi yana beshta tibbiyot muassasasi karantinga yopilgan edi.
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov mamlakatda o‘lat kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror ekanini va xavotirlanishga hech qanday asos yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi