Ukrainaliklar 3-kun Kiyevda namoyish o‘tkazdi

Olam

image

Kecha, 24 iyul kuni Ukraina poytaxtida avvalroq Oliy Rada tomonidan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (NABU) va ixtisoslashtirilgan antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) mustaqilligini sezilarli darajada cheklovchi qonunga qarshi namoyishlar uchinchi kun davom etdi. Soat 21:00 holatiga ko‘ra, Kiyev markazidagi Ivan Franko teatri yonidagi maydonga ikki mingga yaqin odam to‘plangan. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Kecha Oliy Radada korrupsiyaga qarshi kurash idoralarining mustaqilligini tiklashga qaratilgan ikkita qonun loyihasi ro‘yxatga olinganiga qaramay, namoyishlar davom etdi. Qonun loyihalaridan birini bir guruh deputatlar, ikkinchisini Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tanishtirgan.

“Deutsche Welle” muxbirining xabar berishicha, namoyishchilar Ukraina madhiyasini kuylab, “Ukraina Qurolli Kuchlariga shon-shuhrat”, “Kuch millionerlarga emas, millionlarga”, “Qo‘l NABU va SAPdan” kabi shiorlarni aytishgan. Shuningdek, armiyaga yordam berishga e’tibor qaratishga chaqiriqlar bo‘lgan.

“Veteran.UA” jamoat tashkiloti rahbari Ivan Chigirin ma’lum qilishicha, namoyishlar nafaqat NABU va SAPni himoya qilishga qaratilgan, balki Ukraina jamiyatining adolat talabi hamdir.

“Men uchun hozir mamlakatdagi asosiy muammo – bu NABU emas, balki Rossiyaning keng ko‘lamli bostirib kirishi, korrupsiya va boshqalar ... Davlat o‘zi bajarishi shart bo‘lgan narsani qilishi kerak, bu esa urush”, deydi harbiy xizmatchi Igor Tish.

Kiyevdagi namoyishlarning uchinchi kuni kechki payt ularda ikki mingga yaqin odam qatnashdi. “Ukraina talabalari ozodlik uchun” jamoat tashkiloti prezidenti Nikolay Beskrovniy “Deutsche Welle” bilan suhbatda ikkita yangi qonun loyihasi NABU va SAP faoliyatining asosiy tamoyillarini tiklaganidan mamnunligini bildirdi.

“Biz davlat to‘ntarishini yoqlamaymiz (...) Biz Ukrainaning qulashi va uning Rossiya bilan urushda mag‘lub bo‘lishini yoqlamaymiz. Biz hukumatimiz qilgan ishlardan bir qadam orqaga chekinish, korrupsiyaga qarshi kurash idoralarining mustaqilligini saqlab qolish va g‘alaba uchun ishlashda davom etish tarafdorimiz”, deydi faol.

Shu bilan birga, Beskrovniy ukrainaliklar Zelenskiy taklif qilgan yangi qonun loyihasi kuchga kirgunga qadar norozilik bildirishga tayyorligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Ukraina Oliy Radasi qonun loyihasiga Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi va korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura mustaqilligini sezilarli darajada cheklovchi tuzatishlarni ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy shu kuni qonunni imzoladi. Ko‘p o‘tmay, Kiyev, Odessa, Lvov va boshqa shaharlarda qonunga veto qo‘yish va NABU va SAPni mustaqillikdan mahrum qilmaslik talabi bilan namoyishlar boshlandi.

Kecha, 24 iyul kuni Zelenskiy Oliy Radaga Ukrainaning ikki antikorrupsiya agentligi mustaqilligini tiklash to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. NABU Zelenskiyning tashabbusini olqishladi.

Yevropa Komissiyasi ham Kiyevning qabul qilingan qonun atrofida yuzaga kelgan vaziyatni tuzatish niyatini olqishladi, biroq Yevrokomissiya vakili Giyom Mersening aytishicha, Bryussel hozircha Ukraina rasmiylariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatma bermaydi, ular korrupsiyaga qarshi islohotga putur yetkazish bilan tahdid solayotgan vaziyatni qanday tuzatish niyatida ekanliklari haqida batafsil tushuntirish berishlarini kutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina SAP NABU

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing