Ukraina YeIning mudofaa jamg‘armasidan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi

Olam

image

Yevropa Parlamenti va Yevropa Ittifoqi kengashi Ukraina uchun YeI mudofaa jamg‘armasiga kirish ruxsatini berish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Bundan tashqari, fuqarolik loyihalari uchun mo‘ljallangan YeI mablag‘larining bir qismini mudofaa sohasiga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Mazkur jamg‘arma Yevropa Ittifoqining mudofaa sanoatidagi raqobatbardoshligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan. 2021–2027 yillar uchun jamg‘arma miqdori qariyb 9,5 milliard yevro etib belgilangan. Ukraina ushbu jamg‘armaga kirish huquqiga ega bo‘lishi orqali o‘z kompaniyalarini YeI tomonidan moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga jalb qilishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, tomonlar ReArm Europe dasturi doirasida Yevropa byudjeti hisobidan mudofaa tadqiqotlari, harbiy sanoatga investitsiya, ishlab chiqarish va infratuzilmani kengaytirishga qo‘shimcha mablag‘ ajratishga kelishib olgan. Nashrning ta’kidlashicha, bu tashabbuslar, avvalo, Rossiya tomonidan kelayotgan xavflar bilan bog‘liq. Yevropa maxsus xizmatlarining fikricha, Rossiya 2030 yilgacha yana yangi urush boshlash salohiyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Kelishuvga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining odatda fuqarolik maqsadlariga yo‘naltiriladigan ayrim jamg‘armalaridan ham harbiy ehtiyojlar uchun foydalanish imkoniyati ochiladi. YeI kengashi matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida bu kelishuv mudofaa sohasiga “odatiy sharoitda fuqarolik uchun mo‘ljallangan jamg‘armalarni ochib beradi” deb ma’lum qildi. Xususan, Horizon Europe dasturi kengaytiriladi – endi u ikki tomonlama (fuqarolik va harbiy) yo‘nalishdagi kompaniyalarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq hujjat hali kuchga kirgani yo‘q. U faqat Yevropa parlamenti va Yevropa kengashi tomonidan rasman tasdiqlangandan keyin rasmiy kuchga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Ukrainaga Patriot zenit-raketa tizimlarini topshirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Evropa Ittifoqi Patriot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing