Ukraina Trampning Truth Social tarmog‘ini bloklab qo‘ydi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘i Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy haqidagi postlaridan so‘ng ushbu mamlakatda ishlashni to‘xtatdi. Bu haqda “Sputnik International” xabar berdi. 

Hozirda mahalliy IP-manzillar orqali Truth Social’ga kirish imkonsiz bo‘lib qolgan. Blokirovka bugun, 20 fevral kuni kunduzi amalga oshirilgan. Ukraina rasmiy idoralari AQSH Prezidentining ijtimoiy tarmog‘ini bloklash bo‘yicha qaror qabul qilingani haqida ma’lumot bermagan. Ukraina Davlat maxsus aloqa va axborotni muhofaza qilish xizmati hamda internet resurslarini tartibga soluvchi boshqa idoralarning saytlarida ham Truth Social’ga qarshi choralar ko‘rilgani haqida hech qanday e’lon berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 fevral kuni Tramp ushbu tarmoqdagi o‘z akkauntida Zelenskiy haqida keskin fikr bildirib, uni diktator deb atagandi. U, shuningdek, Ukraina Prezidentining reytingi pastligini ta’kidlagan. Trampning fikricha, Zelenskiyning yagona iste’dodi “skripka chalgandek” sobiq AQSH prezidenti Jo Baydenni harbiy maqsadlar uchun 350 milliard dollar ajratishga ko‘ndirish bo‘lgan.

Tramp shuningdek, Ukraina Prezidenti Rossiya bilan qarama-qarshilikda ustunlik qozona olmasligiga ishonch bildirgan. Oq uy rahbari Zelenskiy ilgari komediya janridagi aktyor sifatida “kamtarona muvaffaqiyat”ga erishganini eslatgan, biroq, shunga qaramay, uning AQSHdan katta miqdorda harbiy yordam olishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidlagan.

Bunga javoban Germaniya kansleri Olaf Shols Donald Trampning Vladimir Zelenskiyni diktator degan da’vosini keskin rad etdi. Germaniya kansleriga ko‘ra, Zelenskiy Ukrainaning qonuniy davlat rahbari sanaladi. Shuningdek, Shols Ukrainaga qarshi urushni aynan Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya boshlaganini eslatib o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Truth Social

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing