Ukraina Trampning rejasini rad etsa, AQSH muzokaralardan chiqadi
Olam
−
23 aprel 5442 2 daqiqa
AQSH o‘z takliflariga ijobiy javob olmasa, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilishdan bosh tortadi. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens bugun, 23 aprel kuni Hindistonda jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Biz har ikki tomonga – Rossiya va Ukrainaga juda aniq taklifni ilgari surdik. Ular “ha” deyishi kerak yoki AQSH bu jarayondan chiqish vaqti keldi”, degan Vens.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington vaziyatni ham Moskva, ham Kiyev nuqtai nazaridan tushunishga, ularni eng ko‘p nima tashvishga solayotganini aniqlashga harakat qilmoqda. U AQSHning taklifini “juda adolatli” deb atagan va yevropaliklar, rossiyaliklar va ukrainaliklarning uni amalga oshirish ehtimolini optimistik baholagan.
Uning ta’kidlashicha, hududiy chiziqlar hozirning o‘zidayoq muzlatilishi kerak va shunda uzoq muddatli tinchlik kelishuvi haqida gapirish mumkin bo‘ladi.
O‘tgan hafta Fransiya poytaxti Parijda AQSH rasmiylari ukrainaliklarga tinchlik rejasi taqdim etgan. Ushbu bir betlik hujjat AQSH Prezidenti Donald Trampning “so‘nggi taklifi” sifatida taqdim etilgan. Oq uy muzokaralar tez orada kelishuvga olib kelmasa, taklifdan voz kechishga tayyorligini bildirgan.
Ukraina hukumatiga yaqin manbaga ko‘ra, Kiyev bu taklifni Rossiya foydasiga biryoqlama deb hisoblaydi. Reja Rossiya nimalar olishini aniq va ochiq ko‘rsatgan, lekin Ukraina oladigan narsalar faqat umumiy va noaniq tarzda keltirilgan.
Tramp taklifiga ko‘ra, Rossiya nimalarga erishadi:
- AQSH tomonidan Qrim ustidan Rossiya nazoratining huquqiy tan olinishi (“de-yure”).
- Lugansk viloyatining deyarli to‘liq qismi va Donetsk, Xerson hamda Zaporoje viloyatlarining bosib olingan qismlaridagi Rossiya nazoratining amaliy tan olinishi (de-fakto).
- Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligi va’da qilinadi (lekin, u Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi mumkinligi eslatib o‘tilgan).
- 2014 yildan beri Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar olib tashlanadi.
- AQSH bilan energetika va sanoat sohalarida iqtisodiy hamkorlik kuchaytiriladi.
- Ukraina bu taklifda nimalarga erishadi:
Yevropa davlatlari va ayrim hamfikr boshqa davlatlar ishtirokida mustahkam xavfsizlik kafolati. Hujjatda tinchlikparvarlik amaliyoti qanday ishlashi borasida va AQSHning ishtiroki haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Rossiya bosib olgan Xarkov viloyatining kichik bir qismi qaytariladi. Ukraina janubiy front chizig‘i bo‘ylab oqib o‘tuvchi Dnepr daryosidan to‘siqsiz foydalanadi. Qurilish va tiklash ishlari uchun yordam va kompensatsiya. Lekin bu mablag‘ qayerdan olinishi ko‘rsatilmagan.
Live
Barchasi