Ukraina Suriyaning yangi hukumati bilan aloqalarni tikladi (video)

Olam

image

Kecha, 24 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Suriyaning o‘tish davri rahbari Ahmad ash-Shara bilan uchrashib, diplomatik aloqalarni tiklash bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzoladi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram sahifasida yozib qoldirdi. 

“Biz bu muhim qadamlardan mamnunmiz va Suriya xalqini barqarorlik yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, deya yozgan Zelenskiy. 

Ukraina rahbari Ahmad ash-Shara bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, ikki davlat xavfsizligiga tahdidlar hamda ularga qarshi kurashish masalalarini muhokama qilgan. 

“Biz o‘zaro hurmat va ishonch asosida munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga kelishdik”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad 2010 yilning 2-3 dekabr kunlari Ukrainaga tashrif buyurgan edi. O‘sha paytda Asadni Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich, bosh vazir Nikolay Azarov va Oliy Rada spikeri Vladimir Litvin qabul qilgan.

Qayd etish joiz, Ukraina Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng, Suriyaga yuqori darajadagi tashrif uyushtirgan ilk davlatlardan biri bo‘lgan. 2024 yilning 30 dekabr kuni Damashqqa tashrifni Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga boshchiligidagi delegatsiya amalga oshirgan.

Ukraina va Suriya o‘rtasidagi munosabatlar 2014 yilda muzlatilgan edi. O‘sha yili Rossiya Qrim va Donbassda harakatlarini boshlaganida Suriya vakillari BMTda Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan va shu bilan Rossiyaning ittifoqchisi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlagan.

2016 yilda xavfsizlik vaziyati sabab Ukraina elchixonasi Suriyadan Livanga ko‘chirildi, biroq Suriyaning Ukrainadagi elchixonasi 2018 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan.

Diplomatik aloqalar esa 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi ortidan uzildi, chunki Asad rejimi Rossiyani qo‘llab-quvvatlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara o‘z mamlakatining o‘tgan avlod zulmidan voz kechayotganini e’lon qilib, Suriyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni talab qilgandi. Mamlakat rahbari o‘z so‘zida xalqaro hamjamiyatni mintaqada yangi mojarolar kelib chiqishini oldini olishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Ukraina Vladimir Zelenskiy Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing