Ukraina Putinning qarorgohiga hujum qilganiga ishonmayman – Tramp
Olam
−
05 yanvar 3492 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qarorgohiga zarba berishga uringaniga ishonmasligini bildirdi. Bu haqda u kecha, 4 yanvar kuni Florida shtatidan Vashingtonga uchib ketayotganda samolyot bortida jurnalistlarga ma’lum qildi.
AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonidan Putinning qarorgohiga hujum bo‘lgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Men bu hujum bo‘lganiga ishonmayman. Qarorgoh yaqinida nimadir sodir bo‘lgan, ammo bu bilan umuman bog‘liq emas”, deydi Tramp.
Jurnalistlar AQSH Prezidentiga Rossiya Prezidenti bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng u Ukrainaning Putinning qarorgohiga zarba berganiga ishonganini eslatgan.
“Chunki o‘sha paytda hech kim aniq bilmasdi. Men bu haqda birinchi marta eshitgandim. U uyiga hujum qilinganini aytgandi. Biz buni tekshirib chiqqanimizdan so‘ng, bu voqea bo‘lmaganiga ishonch hosil qildik”, deya javob bergan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kiyev 2025 yil 29 dekabrga o‘tar kechasi Novgorod viloyatidagi Rossiya yetakchisining davlat qarorgohiga dronlar bilan hujum qilganini aytgandi. Xususan, Rossiya rasmiylari Ukrainani Novgorod viloyatidagi Vladimir Putinning qarorgohiga 91 ta uchuvchisiz uchish apparati yordamida zarba berishga urinishda ayblagan edi.
“The Wall Street Journal” gazetasi esa Ukraina Rossiya Prezidentining qarorgohiga zarba bermaganini yozdi. Nashrga ko‘ra, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Ukraina Qurolli kuchlari Putinning qarorgohiga bevosita yaqin bo‘lmagan harbiy ob’ektga zarba berishga uringanini aniqlagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa 29 dekabr kuni urib tushirilgan, Putinning Novgorod viloyatidagi qarorgohi tomon yo‘nalgan Ukraina dronidan parvoz vazifasi yozilgan fayl olinganini ma’lum qilgan. Ushbu materiallar Amerika tomoniga topshirilgani bildirilgan.
Live
Barchasi