Ukraina Kurskda KXDRning birinchi askarini asirga oldi
Olam
−
28 dekabr 2024 10168 2 daqiqa
Ukraina Maxsus operatsiya qo‘shinlari Rossiya tomonida jang qilgan birinchi Shimoliy Koreya askarini qo‘lga oldi. Bu haqda Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmatiga tayanib, “Yonhap” xabar berdi.
“Do‘st davlatning razvedka tashkiloti bilan real vaqt rejimida ma’lumot almashish orqali Ukraina Shimoliy Koreyaning yarador askarini qo‘lga olganini tasdiqladik va keyingi jarayonlarni sinchiklab o‘rganishni rejalashtirmoqdamiz”, deyilgan Milliy razvedka xizmatining qisqacha bayonotida.
Shu bilan birga, Seuldagi AFP manbasiga ko‘ra, Janubiy Koreya razvedkasi harbiy shaxsning aynan qayerda qo‘lga olingani haqida hozircha ma’lumotga ega emas. Ukrainaga qarashli “Militarny” nashrining yozishiga qaraganda asirga olish Kursk viloyatida sodir bo‘lgan. Rasmiy ravishda Ukraina hukumati va Qurolli kuchlari bu ma’lumotga hozircha izoh bermadi.
Bundan oldin Ukraina Qurolli kuchlari askarlariga hujjatlar bilan kamida bitta Shimoliy Koreya askarini qo‘lga olish buyrug‘i berilgan edi. Buning uchun harbiylarga mukofotlar, jumladan, qo‘shimcha ta’til va’da qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya askarlari o‘lgan shimoliy koreyaliklarning yuzlarini yoqib yuborayotganini aytgan edi. U koreyaliklarning Rossiya rahbari Vladimir Putin uchun jang qilishi va o‘lishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlab, o‘limdan keyin ham ular hech narsaga erishmasligini eslatdi. Zelenskiy halok bo‘lgan KXDR askarlarining yoqib yuborilishini “Rossiyada hukm surayotgan hurmatsizlik, insoniylikka, hamma narsaga hurmatsizlik namoyishi” deb atagandi.
Live
Barchasi