Ukraina dron hujumida 3 rossiyalik halok bo‘ldi

Olam

image

Ukraina uchuvchisiz samolyotlarining Rossiyaning Tula va Nijniy Novgorod viloyatlariga bir kecha-kunduzda uyushtirgan hujumi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda bugun, 11 avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligi va mintaqaviy yuqori lavozimli amaldorlar ma’lum qildi.

Tula gubernatori Dmitriy Milyayev Telegram-kanalida kecha, 10 avgust kuni yarim tunda shimolda Moskva viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Tula viloyatida sodir etilgan hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani, ikki kishi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.

Rossiya g‘arbidagi Nijniy Novgorod viloyatidagi sanoat zonasini nishonga olgan Ukraina hujumi oqibatida esa bir kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi shifohonaga yotqizildi.

Ukraina xavfsizlik xizmati rasmiysining “Reuters” agentligiga aytishicha, Ukraina uchuvchisiz samolyot hujumida Nijniy Novgorod viloyatidagi raketa komponentlarini ishlab chiqaruvchi Rossiya zavodini nishonga olgan. U Rossiyaning X-32 va X-101 raketalari uchun boshqaruv tizimlari va boshqa komponentlarini ishlab chiqaradigan Arzamas zavodiga kamida to‘rtta dron zarba berganini aytdi. 

Rossiya havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari bir kechada Ukrainaning jami 59 ta uchuvchisiz samolyotini, shu jumladan Tula viloyati osmonida 12 ta dronni yo‘q qilganini ma’lum qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina qancha dron uchirayotganini emas, bo‘linmalar qancha uchuvchisiz samolyotni urib tushirgani haqida xabar beradi.

Moskva meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha, kecha tunda va bugun, 11 avgust kuni ertalab Rossiya poytaxtiga yo‘l olgan yettita uchuvchisiz samolyot urib tushirilgan.

Har ikki tomon bir-birining hududiga zarba berishda tinch aholini nishonga olishini rad etadi. Shunga qaramay, Rossiya 2022 yil fevral oyida Ukrainada boshlagan keng ko‘lamli urushda minglab tinch aholi halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Moskva Ukraina dron hujumi Nijniy Novgorod Tula

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing