Ukraina bu safar Boshqirdistondagi Wildberries omborini nishonga oldi (video)

Olam

image

Ukrainaning bugun, 13 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasiga uyushtirgan dron hujumlari oqibatida Salavat shahridagi “Gazprom neftexim Salavat” neftni qayta ishlash zavodi hamda Chishmi tumanidagi Wildberries logistika majmuasida yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirovning ma’lum qilishicha, dronlardan birining qoldiqlari Salavat shahridagi sanoat zonasiga qulagan va oqibatda ushbu hududda yong‘in chiqqan.

Mahalliy manbalar yong‘in “Gazprom neftexim Salavat” hududida yuzaga kelganini bildirgan. Shuningdek, Wildberries kompaniyasining Chishmi tumanidagi logistika majmuasida ham yong‘in chiqqan. Kompaniyaning o‘zi esa Boshqirdistondagi ob’ektlaridan birida havo hujumi oqibatida yong‘in yuzaga kelganini tasdiqlagan.

“Boshqirdistonda havo hujumi oqibatida kompaniyamiz ob’ektlaridan biri joylashgan sanoat hududida yong‘in yuzaga keldi. Hodisa joyida o‘t o‘chirish brigadalari ishlamoqda”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ob’ektda tovarlar saqlanmaydi. Shuningdek, xavfsizlik talablariga muvofiq xodimlar oldindan evakuatsiya qilingan.

Hozircha hujumlarning aniq ko‘lami va ob’ektlarga yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar yo‘q. Boshqirdiston rasmiylari esa hujum vaqtida ikki kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari Rossiyaning Voronej viloyatiga hujum qilgan edi. Zarba oqibatida 1 kishi halok bo‘lib, yana 2 kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing