UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin JCH finalini boykot qildi
Sport
−
11:51 2167 2 daqiqa
UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogun bilan bog‘liq bahsli qarordan so‘ng 2026 yilgi Jahon chempionati finalini boykot qildi. Bu haqda “Irish Independent” nashrlari xabar berdi.
Jahon chempionati finali joriy yilning 19 iyul kuni AQSHning Nyu-Jersi shtati, Ist-Raterford shahridagi “MetLayf” stadionida Argentina va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Ispaniyaning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, FIFA vitse-prezidenti lavozimini ham egallab turgan Cheferin odatda finalda ishtirok etishi kerak edi. Biroq u Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi bekor qilinganidan norozi bo‘lib, o‘yinga bormaslikka qaror qilgan.
Balogun Bosniya va Gersegovinaga qarshi 1/16 final bahsida (2:0) to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olgan va Belgiyaga qarshi keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi kutilgan edi. Ammo FIFA Intizom qo‘mitasi uning diskvalifikatsiyasini bekor qilib, futbolchiga 40 ming AQSH dollari miqdorida jarima tayinladi.
Xabarlarga ko‘ra, mazkur qaror AQSH Prezidenti Donald Tramp FIFA prezidenti Janni Infantinodan Balogunning jazosini qayta ko‘rib chiqishni shaxsan so‘ragani va bu masala yuzasidan FIFA rahbariyati bilan bir necha bor muloqot qilganidan keyin qabul qilingan.
Natijada Balogun Belgiyaga qarshi bahsning deyarli to‘liq qismida maydonda harakat qildi va faqat 92-daqiqada almashtirildi.
UEFA esa mazkur qarorni keskin tanqid qilib, uni “misli ko‘rilmagan, tushunarsiz va asossiz” deb baholadi hamda bu holat “qizil chiziqdan o‘tilgani”ni ta’kidladi.
Shuningdek, Cheferin FIFA’ning boshqa qarorlaridan ham noroziligini bildirgan. Jumladan, u Jahon chempionati ishtirokchilari sonining 48 ta jamoaga kengaytirilishini tanqid qilib, bu turnirda qiziqarsiz uchrashuvlar soni ortishiga olib kelishini aytgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, UEFA FIFA’ning musobaqa davomida futbol qoidalariga kiritgan ayrim o‘zgarishlaridan ham norozi. Xususan, o‘yinlarda suv ichish uchun tanaffuslar sabab bahslar shartli ravishda to‘rt qismga bo‘linib, teletranslyatsiyalarda reklama namoyish etilishiga imkon yaratilgani, shuningdek, Jahon chempionati finalidagi tanaffus 27 daqiqa davom etib, ruxsat etilgan 15 daqiqalik me’yordan ancha oshib ketgani tanqid qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA’ga a’zo bir nechta milliy assotsiatsiyalar bo‘lajak saylovlarda amaldagi FIFA prezidenti Janni Infantinoga qarshi munosib raqobatlasha oladigan yagona nomzodni izlayotgani va Fransiyaning PSJ klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfiyni FIFA’ga yangi rahbar sifatida saylashni muhokama qilayotgani haqida xabar berilgandi.