UEFA 2026-2027 yilgi mavsum uchun yangi qoidalarni tasdiqladi

Sport

image

UEFA va unga a’zo bo‘lgan 55 ta milliy futbol assotsiatsiyalari hakamlari Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) tomonidan 2026-2027 yilgi mavsum uchun qabul qilingan “Futbol o‘yini qoidalari”ga kiritilgan o‘zgartishlarni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda UEFA rasmiy sayti xabar berdi.

UEFA Hakamlik departamenti direktori Roberto Rozettining ta’kidlashicha, barcha 55 ta milliy assotsiatsiya bilan qoidalarni bir xil tarzda qo‘llash bo‘yicha yagona yondashuvga kelishish muhim ahamiyatga ega.

“O‘yin qoidalarini barcha milliy assotsiatsiyalar o‘rtasida izchil qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishish muhim qadamdir. Bu futbolchilar, klublar, muxlislar va barcha manfaatdor tomonlarga hakamlar qarorlarini yaxshiroq tushunish imkonini beradi. Har qanday noaniqlikni bartaraf etish va qoidalarning aniq qo‘llanilishini ta’minlash futbol rivoji uchun juda muhim”, deydi Rozetti.

2026 yilgi Jahon chempionati arafasida o‘yin qoidalariga bir qator o‘zgartishlar kiritildi.

Yangi tartibga ko‘ra, to‘pni o‘yinga kiritish sun’iy ravishda kechiktirilsa, hakam 5 soniyalik vizual hisobni boshlaydi. Shuningdek, almashtirilayotgan futbolchi maydonni tark etishi uchun 10 soniya vaqt beriladi. Agar ushbu muddat buzilsa, maydonga tushishi kerak bo‘lgan zaxira o‘yinchisi o‘yin birinchi marta to‘xtatilgunga qadar, kamida bir daqiqa davomida maydonga kira olmaydi.

Darvozabon to‘pni o‘yinga kiritishni cho‘zgan holatlarda ham 5 soniyalik vizual hisob qo‘llaniladi. Agar belgilangan vaqtdan oshib ketilsa, raqib jamoaga burchak to‘pi beriladi.

UEFA’ning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgartirishlar o‘yinni tezroq qayta boshlash, uning adolatliligini ta’minlash, ortiqcha tanaffuslarni kamaytirish hamda futbolning tomoshabopligi va sifatini saqlab qolishga qaratilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing