Uchta hududda jami 4,5 mlrd so‘mlik elektr o‘marildi
3-sahifa
−
13:32 515 2 daqiqa
Toshkent va Namangan viloyatlarida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 4,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, eng yirik holat Bekobod tumanida qayd etilgan bo‘lib, unda “M.O.” fermer xo‘jaligi rahbari F.S. “Yangi Hayot” MFY hududidagi va “T.A.” dehqon xo‘jaligi rahbari T.A. “Xos” MFY hududidagi yer maydonlarida suv nasoslarini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulagan. Oqibatda 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Nurafshon shahrida esa “T.Y.” MCHJ mas’ul shaxslari va boshqalar 37 ta ko‘p qavatli uydagi lift, nasos va yoritgichlarni elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, 1,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Piskent tumanida fuqaro I.K. “Zominovul” MFY hududidagi yer maydonida suv nasosini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. Oqibatda elektr ta’minoti korxonasiga 425,1 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida fuqarolar X.Sh. va A.A. “Yandama” MFY hududidagi dala shiyponida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan. Ular 282,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Nurota tumanida esa fuqaro D.T. “Yangihayot” MFY hududidagi xonadonida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 143,5 mln so‘mlik elektr energiyasini o‘margan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan edi.
Live
Barchasi