Uch yoshgacha bolalarga yiliga 500 dollar to‘lanadi. Xitoyda!
Olam
−
30 iyul 2299 2 daqiqa
Xitoyda hukumat tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida o‘ziga xos “ona kapitali”ni joriy etdi. Endilikda mamlakat hukumati har bir 3 yoshgacha bo‘lgan bola uchun oilalarga yiliga 3600 yuan (taxminan 500 AQSH dollari) subsidiya to‘laydi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ushbu yordam chorasi har yili 20 milliongacha oilani qamrab olishi rejalashtirilgan. To‘lovlar 2022 yildan 2024 yilgacha tug‘ilgan bolalarga ega oilalarga mo‘ljallangan.
“Bu to‘lovlar tug‘ilish darajasi yoki iste’mol hajmiga qisqa muddatda jiddiy ta’sir qilmaydi. Biroq bu siyosat aholiga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul ajratish borasida muhim burilish nuqtasi bo‘lib, kelajakda byudjet transfertlarini ko‘paytirish uchun asos yaratishi mumkin”, deydi Capital Economics kompaniyasining Xitoy bo‘yicha iqtisodchisi Zichun Xuan.
Ma’lumot uchun, 1979 yildan 2015 yilgacha Xitoyda “har bir oilaga bitta bola” siyosati amalda bo‘lgan. Bu chora iqtisodiy islohotlar davrida aholining haddan tashqari ko‘payishini cheklashga qaratilgan edi. Ayniqsa qishloqlarda ikkinchi farzand dunyoga kelgan taqdirda (ayrim hududlardagi istisnolarni hisobga olmaganda) oilalar ijtimoiy yordamdan mahrum etilgan.
Ammo bu tizim bekor qilinganidan keyingi uch yilda mamlakat salbiy demografik o‘sish bilan yuzlashdi. 2024 yilda yangi tug‘ilganlar soni 9,5 millionni tashkil etib, 2017 yilga nisbatan deyarli ikki barobar kam bo‘ldi (o‘sha yili 17,9 million bola tug‘ilgan edi). Yangi tug‘ilganlar soni vafot etganlar sonidan (10,9 million) ham kam bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘tgan 2024 yilda Xitoyda nikohlar soni beshinchi marta kamaygani xabar qilingan edi. Hukumatning mamlakat aholisini oshirish uchun yosh er-xotinlarni turmush qurish va farzand ko‘rishga undashga qaratilgan sa’y-harakatlariga qaramay, bu natija rekord darajadagi pasayish sifatida qayd etilgan.
Live
Barchasi