Tusk Rossiya-Ukraina urushi tugashi mumkinligini aytdi
Olam
−
30 iyul 10338 2 daqiqa
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro yaqin orada to‘xtatilishi mumkinligidan darak beruvchi ko‘plab belgilar mavjudligini aytdi. Bu haqda u “Wiadomości” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Ma’lum qilinishicha, Tuskning bu bayonoti Ukraina elchisi, avvalgi Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning ogohlantirishlari fonida yangragan. Zalujniy urush 2034 yilgacha yoki undan ham uzoqroq davom etishi mumkinligini aytgan edi.
“Ammo bu bizning vaziyatimizni o‘zgartirmaydi. Polsha mudofaaga doimo tayyor bo‘lishi kerak, rus-ukrain frontidagi voqealardan qat’i nazar. Biz bu poygada biror soatni ham, biror kunni ham boy bera olmaymiz”, degan Tusk.
Polsha Ukraina mojarosiga doir pozitsiyasini doimo ochiq bildirgan davlatlardan biri sanaladi. 2024 yil oxirida Tusk mojaroning “hal qiluvchi bosqichga” kirganini aytib, uning natijasini oldindan aytib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi. May oyida esa u Moskvani 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan. Polsha Ukrainadagi mojaro tezroq yakunlanishini istashini ham bir necha bor bildirgan.
Polsha Ukrainaga eng yaqin ittifoqchilardan biri hisoblanadi. BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil aprelida mamlakatda 999 mingdan ortiq ukrainalik qochqin ro‘yxatga olingan. Bundan tashqari, Polsha G‘arb qurollarini Ukrainaga yetkazib berishning asosiy markaziga aylangan va Kiyevning eng yirik harbiy donorlar o‘ntaligiga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha o‘z fuqarolarini Rossiyaga safar qilmaslik bo‘yicha ogohlantirgandi. Vazirlik bunga asosiy sabab sifatida Polshaning Rossiyada “noto‘g‘ri munosabatdagi davlat” sifatida tan olinishi va urush holatini ko‘rsatmoqda.
Live
Barchasi