Turkmanistondan Afg‘onistonga gaz quvuri yotqizish ishlariga start berildi (video)
Olam
−
21 Oktabr 2025 3069 2 daqiqa
Kecha, 20 oktyabr kuni Turkmanistonning Serxetobod shahridan Afg‘onistonning Hirot shahriga gaz quvuri yotqizish ishlariga start berildi. Bu haqda “Altyn Asyr” xabar berdi.
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov “Arqadag‘ning oq yo‘li” (Arkadagyň Ak ýoly) nomi bilan mashhur bo‘lgan Serxetobod-Hirot gaz quvurining navbatdagi bosqichi ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda nutq so‘zladi. U loyihadagi ishtiroki uchun turkman gazchilariga, gaz quvurini amalga oshirishda ko‘rsatgan yordami uchun Afg‘oniston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar gaz quvuri yo‘nalishi bo‘ylab Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston elektr uzatish liniyasi, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari, shuningdek, logistika markazlari qurilishini ma’lum qildi.
Loyiha TAPI (Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston) gaz quvuri loyihasining bir qismi bo‘lib, “Turkmangaz” davlat konserni tomonidan amalga oshirilmoqda. U Turkmaniston tabiiy gazini ishlab chiqarishni ko‘paytirish va tashqi bozorlarga barqaror yetkazib berishni ta’minlashga qaratilgan.
Quvurning 214 kilometrlik turkman qismi allaqachon qurib bitkazilgan. Afg‘onistonning Hirot viloyatiga boradigan yangi gaz quvurining uzunligi 153 kilometrni tashkil qiladi. Ishga 200 dan ortiq zamonaviy texnika jalb etilgan. Loyihada Afg‘oniston fuqarolari ham ishtirok etmoqda. Loyiha yangi ish o‘rinlari yaratib, Afg‘onistonga yiliga 1 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi.
Nashrning yozishicha, TAPI loyihasi mintaqa mamlakatlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Bu turkman-afg‘on munosabatlarini mustahkamlaydi va ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani rivojlantiradi, shu bilan birga, qo‘shni davlatlar uchun barqaror iqtisodiy makon yaratadi.
Loyihani qo‘llab-quvvatlashda Qo‘shma Shtatlarning roli, loyiha bo‘yicha maslahatchi Amerikaning Bownstein kompaniyasining hissasi alohida qayd etildi.
Turkmanistonda Amerikaning mashhur kompaniyalari, jumladan, Boeing, Case New Holland, John Deere, Caterpillar, General Electric, Sikorsky, Nicklaus Design kompaniyalari faol.
Live
Barchasi