Turkiyaning Lissabondagi elchisi dengizda yurak xurujidan vafot etdi
Olam
−
02 iyul 2023
5652Turkiyaning Portugaliya poytaxti Lissabondagi elchisi Murat Karago‘z Mug‘lada yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda “Milliyet” gazetasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mug‘laning Fethiye shahrida ta’tilda bo‘lgan Turkiyaning Lissabondagi elchisi Murat Karago‘z Faralya ko‘rfazida dengizda cho‘milayotganda yurak xurujiga uchragan. Hushsiz holatda dengizdan chiqarilgan Karago‘z shifoxonaga olib ketilgan. Ammo elchi u yerda vafot etgan.
“Lissabondagi elchimiz Murat Karago‘zning to‘satdan halok bo‘lishidan chuqur qayg‘udamiz. Vafot etgan elchimizni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin. Oilasi, yaqinlari va butun jamoamizga hamdardlik va sabr-toqatimizni bildiramiz. Joyi jannatda, ruhi shod bo‘lsin”, deya ta’ziya bildirgan mamlakat Tashqi ishlar vazirligi.
Bundan tashqari, sobiq Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ham Karago‘zning vafoti yuzasidan hamdardlik bildirgan.
1967 yilda Istanbulda tug‘ilgan Murat Karago‘z 1985 yilda Istanbulda o‘rta maktabni, 1989 yilda Istanbul universitetini tamomlagan. Karago‘z Mo‘g‘uliston elchisi (2013-2016), Iordaniya elchisi (2016-2019), AQSH elchixonasi birinchi maslahatchisi (2006-2009), Turkiyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakolatxonasining birinchi kotibi va maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. Karago‘z 2023 yil 15 mart kuni Turkiyaning Lissabondagi elchisi etib tayinlangan edi.