Turkiyaning kurort hududi alanga ichida qoldi
Olam
−
03 iyul 3333 2 daqiqa
Turkiyaning kurort hududi bo‘lgan Egey dengizi sohilidagi Cheshme tumanida kuchli o‘rmon yong‘ini yuz berdi, olov turar-joy binolariga yaqinlashdi. Bu haqda NTV telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in joriy yilning 2 iyul kuni mahalliy vaqt bilan 13:40 da Ildir qishlog‘idagi qishloq xo‘jaligi yerlarida boshlangan, kuchli shamol sabab olov o‘rmonlarga tarqalgan.
Yong‘inni o‘chirishga 5 ta samolyot, 18 ta vertolyot, 36 ta yong‘in o‘chirish mashinasi jalb etilgan. Yong‘in tufayli Ildir, Germiyan va Noxutalan qishloqlarining aholisi evakuatsiya qilingan.
Yong‘in oqibatida Cheshme kurorti plyajlaridan tutun ko‘ringan, ijtimoiy tarmoqlarda esa “kurort yonmoqda” mazmunidagi suratlar tarqalgan.
Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli bergan bayonotida Menderes va Seferihisar tumanlarida bir necha kundan buyon davom etayotgan yong‘inlar nihoyat o‘chirilganini aytgan.
O‘rmon yong‘inlari 2 iyul kuni Turkiyaning g‘arbiy hududlaridagi Bursa va Kodjaeli viloyatlarida ham boshlangan. Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoyaning ma’lum qilishicha, uchta viloyatda 50 mingdan ortiq fuqaro o‘rmon yong‘inlari sababli evakuatsiya qilingan. Adliya vaziri Yilmaz Tunchning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyada yong‘inlar bilan bog‘liqlikda gumon qilinib, 17 kishi hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning bir nechta viloyatlarida, jumladan, kurort hududlarida ham o‘rmon yong‘inlari kuzatilayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi