Qonli tundan milliy birlikkacha: Turkiya 15 iyulni qanday eslaydi?
Jamiyat
−
11:12 651 4 daqiqa
251 inson hayotiga zomin bo‘lgan, 2,7 ming nafardan ortiq kishini yaralagan 2016 yilgi 15 iyul voqealari Turkiyaning zamonaviy tarixidagi eng og‘ir siyosiy sinovlardan biri bo‘lib qoldi. O‘sha tun mamlakatdagi harbiy to‘ntarishga urinish demokratiya, davlat boshqaruvi va jamiyat hayotida chuqur iz qoldirdi. Oradan 10 yil o‘tib Turkiyada bu sana “Demokratiya va milliy birlik kuni” sifatida yod etilmoqda.

2016 yil 15 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada Qurolli kuchlar tarkibidagi bir guruh harbiylar tomonidan davlat to‘ntarishiga urinish boshlandi. To‘ntarish ishtirokchilari mamlakatdagi muhim davlat ob’ektlarini nazoratga olishga harakat qildi. Anqara va Istanbulda tanklar ko‘chalarga chiqarildi, harbiy samolyotlar va vertolyotlar harakatga keltirildi, parlament binosi ham hujumlarga uchradi.
O‘sha paytda ta’tilda bo‘lgan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an xalqqa murojaat qilib, fuqarolarni demokratiyani himoya qilish uchun ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. Shundan so‘ng minglab odamlar mamlakatning turli hududlarida maydonlarga chiqib, to‘ntarishga qarshi harakat qildi. Xavfsizlik kuchlari va davlat to‘ntarishiga qarshi chiqqan harbiylar harakati natijasida urinish bartaraf etildi.

Turkiya rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 15 iyul voqealari oqibatida 251 kishi halok bo‘lgan, 2,7 ming nafardan ortiq inson jarohat olgan. Shu sababli ushbu sana mamlakatda nafaqat siyosiy voqea, balki insonlar hayoti bilan bog‘liq milliy xotira kuni sifatida shakllandi.
Turkiya hukumati ushbu davlat to‘ntarishiga urinish ortida AQSHda istiqomat qilgan Fathulloh Gulen boshchiligidagi Fathulloh Gulen terrorchilik tashkiloti (FETÖ) turganini ta’kidlaydi. Anqara ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur tuzilma yillar davomida davlat institutlariga singib borgan va 15 iyul voqealarida ishtirok etgan.

Voqealardan keyin Turkiyada davlat boshqaruvi, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish tizimlarida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. 15 iyul sanasi esa 2016 yildan boshlab “Demokratiya va milliy birlik kuni” sifatida nishonlana boshlandi.
Toshkentdagi Turkiya elchixonasida kecha, 15 iyulda – “Demokratiya va milliy birlik kuni” munosabati bilan xotira tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda 100 nafarga yaqin O‘zbekiston va Turkiya vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida halok bo‘lganlar xotirasini yod etish bilan boshlandi. Bunda, eng avvalo, marhumlar xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlanib, Turkiya davlat madhiyasi yangradi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Qur’oni karim tilovat qilib, shahidlar ruhiga duo o‘qidi.


Marosim davomida Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash 15 iyul voqealarini Turkiya tarixidagi muhim burilish nuqtasi sifatida baholadi. Uning aytishicha, mazkur sana demokratiya, milliy birlik va xalq birdamligining ramziga aylangan.

Elchi tadbir doirasida jurnalistlarga bergan intervyusida Turkiyada “milliy birlik” tushunchasi faqat mamlakat hududi bilan chegaralanmasligini qayd etdi.
“Biz Turkiyada milliy birlik deganda juda keng tushunchani nazarda tutamiz. Bu faqat Anadolu hududining birligi emas. Bu tushuncha faqat Anadolu hududining birligi bilan cheklanmaydi. Bu, avvalo, turk dunyosi va bizga yaqin bo‘lgan barcha xalqlarni qamrab oluvchi keng ma’nodagi birlikni anglatadi”, dedi diplomat.

Ulutashning aytishicha, 15 iyuldan keyingi davr Turkiyaning ichki va tashqi siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi. Uning fikricha, mamlakatning mustaqil tashqi siyosat yuritish imkoniyatlari kengaydi, strategik qarorlarni qabul qilish mexanizmlari mustahkamlandi hamda Turkiya mintaqaviy va global miqyosdagi ta’sirini sezilarli darajada oshirdi.
“Turkiyaning tashqi siyosatdagi faollashuvi, mustaqil qaror qabul qilish mexanizmlarining kuchayishi va global miqyosdagi ta’sirining ortishi nafaqat Turkiyaning, balki avvalo turk dunyosining manfaatlariga xizmat qilmoqda. Biz birga kuchlimiz. Biri kuchli bo‘lsa, boshqasi ham kuchli bo‘ladi”, dedi u.

Elchi 15 iyuldan keyingi davrda mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga ham to‘xtaldi. U FETÖni davlat tizimiga singib ketgan “virus”ga qiyosladi va ushbu tuzilma Turkiyaning tashqi siyosati, iqtisodiyoti, energetikasi, transporti hamda boshqa strategik yo‘nalishlardagi rivojlanishiga to‘sqinlik qilganini ta’kidladi.
“15 iyuldan keyin kishanlardan xalos bo‘lgan Turkiyani ko‘rdik. Davlat tizimidan ana shu “virus” bartaraf etilgach, terrorizmga qarshi kurashda qat’iy qadamlar tashlandi. Mudofaa sanoati, transport va boshqa strategik sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugungi xalqaro maydonda nufuzli Turkiya ana shu jarayonlardan keyin shakllandi”, dedi diplomat.

Elchining fikricha, Turkiyaning keyingi yillardagi siyosiy transformatsiyasi turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. U so‘nggi yillarda Turk davlatlari tashkiloti faoliyatining sezilarli darajada kuchayganini ham aynan shu jarayonlarning natijalaridan biri sifatida baholadi.
“Turkiyada yuz bergan o‘zgarishlar va mamlakatning imkoniyatlari kengaygani eng avvalo qardosh davlatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Turk davlatlari tashkilotining bugungi faolligi ham tasodif emas, balki shu o‘zgarishlarning natijasidir”, dedi u.

Tadbir yakunida 15 iyul voqealariga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi hamda ishtirokchilar halok bo‘lganlar xotirasini yana bir bor yodga oldi.

Live
Barchasi