Turkiyada “O‘zbekiston mahallasi” va Shavkat Mirziyoyev bulvari ochildi
Jamiyat
−
16 iyun 2665 2 daqiqa
Turkiyaning Hatay viloyati Arsus tumanida O‘zbekiston tomonidan bunyod etilgan turar joy majmuasi negizida tashkil etilgan “O‘zbekiston mahallasi”, Shavkat Mirziyoyev bulvari, shuningdek, Toshkent va Samarqand ko‘chalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush, Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Numan Kurtulmush ushbu tashabbus turk xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan samimiy minnatdorligi va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik ramzi ekanini ta’kidlagan.
Uning qayd etishicha, Arsusda O‘zbekistonning tarixiy shaharlari hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomining abadiylashtirilishi og‘ir kunlarda Turkiya bilan birga bo‘lgan o‘zbek xalqiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat ifodasidir.
Hatay viloyati hokimi Mustafo Masatli esa 2023 yilning 6 fevraldagi vayronkor zilziladan so‘ng O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam turk xalqi xotirasida doimo saqlanib qolishini ta’kidlagan. Uning aytishicha, “O‘zbekiston mahallasi” nomining berilishi ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik, birdamlik va hamjihatlikning yorqin timsolidir.
Tadbir yakunida ishtirokchilar ramziy tasmani kesib, Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalarini rasman foydalanishga topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Hatay viloyatida O‘zbekiston tomoni ishtirokida qurilgan yangi masjid foydalanishga topshirilgandi. Masjidga Turkiyaning murakkab davrlaridan birida o‘zbek xalqi ko‘rsatgan beg‘araz yordami va birdamligi uchun minnatdorchilik ramzi sifatida “Buxoro” nomi berilgan.
Live
Barchasi