Turkiyada moliyaviy piramidachilar 45 ming yildan ortiqroqqa qamaldi

Olam

image

Turkiya sudi moliyaviy piramida tashkilotchilariga 45,3 ming yillik qamoq jazosi tayinladi. Bu haqda kecha, 3 fevral kuni “Istiklal ” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Chiftlik Bank” nomi bilan mashhur bo‘lgan tizim asoschilari Mehmet Aydin va Fatih Aydin har biri 45 ming 376 yil 6 oydan qamoq jazosiga hukm qilingan. 

“Ular jinoiy yo‘l bilan boyib ketish, jinoiy tashkilot tuzish va axborot tizimlaridan foydalangan holda firibgarlikda aybdor deb topildi”, deyiladi xabarda. 

Bildirilishicha, prokuratura ularni 88 ming yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qilgan, chunki moliyaviy piramida tashkilotchilariga qarshi 4,4 mingdan ortiq da’vo arizalari qo‘zg‘atilgan.

Mehmet Aydin esa hech kimni aldamaganini ta’kidlagan. 

“Boshidanoq aytganimdek, men bu ishga aldash niyatida kirganim yo‘q, hech kimni aldaganim yo‘q. Mening pulim sud tomonidan jabrlanganlarning yo‘qotishlarini qoplashi mumkin”, degan u.

Qolaversa, Fatih Aydin va boshqa hibsga olingan ayblanuvchilar ham ayblovlarni rad etib, tashkilot bilan aloqasi yo‘qligini iddao qilgan. 

Qayd etilishicha, Mehmet Aydin “Chiftlik Bank” tizimini yaratgan. 2021 yil iyul oyida u ikki yildan ortiq qochqinda bo‘lganidan so‘ng Turkiya iltimosiga binoan Braziliya tomonidan deportatsiya qilingan.

Fatih Aydin esa 2021 yilning iyul oyida Urugvayda qo‘lga olinib, Turkiyaga ekstraditsiya qilingan. 

Qolaversa, aka-uka Aydinlardan tashqari yana 18 nafar ayblanuvchiga ham shunga o‘xshash jinoyatlar uchun qamoq jazosi talab qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Oliy sudi Istanbuldagi Reyna tungi klubiga uyushtirilgan teraktni amalga oshirgan o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipovga nisbatan 2020 yilda chiqarilgan 40 martalik umrbod qamoq jazosi hukmini tasdiqlagandi. Keyinchalik sud ayblanuvchining iltimosnomalarini ko‘rib chiqib, hukm qonunga zid emas, degan qarorga kelgandi. Sud hukmiga ko‘ra, Masharipov 39 kishini qasddan o‘ldirish va 79 kishini o‘ldirishga suiqasd qilishda aybdor deb topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya moliyaviy piramida Chiftlik Bank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing