Turkiyada futbol mojarosi davom etadi: 21 kishini hibsga olishga buyruq berildi
Sport
−
07 noyabr 2025 5446 2 daqiqa
Bugun, 7 noyabr kuni Turkiya prokuraturasi futbol o‘yinlariga noqonuniy pul tikishda ayblangan shaxslar bo‘yicha tergov doirasida 21 kishini hibsga olishga buyruq berganini ma’lum qildi. Jumladan, 17 hakam va ismi oshkor etilmagan bir Superliga klubi raisi ushbu ro‘yxatda bor. Hozirgacha 21 gumonlanuvchidan 18 nafari qo‘lga olingan. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Istanbul bosh prokuraturasining ma’lum qilishicha, 17 nafar hakamning hibsga olinishi vazifani suiiste’mol qilish va o‘yin natijalarini manipulyatsiya qilish bilan bog‘liq. Shuningdek, Superliga klubi prezidenti, klubning sobiq egasi va sobiq assotsiatsiya prezidenti ham kelishilgan o‘yinlarda ayblanib hibsga olindi.
Bayonotga ko‘ra, Turkiyaning 12 shahrida o‘tkazilgan operatsiya davomida ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan yana bir shaxs ham hibsga olindi.
TFF tartib-intizom kengashi o‘z tekshiruvida 149 nafar mansabdor shaxsni 8-12 oylik diskvalifikatsiyaga tortgan. TFF prezidenti Ibrohim Hajiosmono‘g‘li vaziyatni “Turk futbolidagi ma’naviy inqiroz” deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, professional ligalardagi 571 nafar faol hakamning 371 nafari pul tikish faoliyatida qatnashgan, 152 nafari esa faol ravishda qimor o‘ynagan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bitta hakam 18 227 marta, 42 nafar hakam esa har biri 1 000 dan ortiq futbol uchrashuviga garov tikkan. Qolgan hakamlar esa faqat bir marta pul tikkan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) mamlakat professional ligalarida faoliyat yurituvchi amaldorlar futbol o‘yinlariga pul tikayotganini aniqlagan tekshiruvdan so‘ng, 149 nafar hakam va yordamchi hakamni chetlatgan edi.
Live
Barchasi