Turkiyada demografik muammo: mamlakat “qarimoqda”
Olam
−
14:17 3168 2 daqiqa
Turkiyada 65 va undan katta yoshli aholi soni so‘nggi 5 yilda 20 foizdan oshib ketdi. 100 yosh va undan kattalar soni esa 10 mingdan ortiqni tashkil etgan. Bu haqda Turkiya statistika qo‘mitasi xabar qildi.
Qo‘mita tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya aholisi 86 million 92 ming 168 nafarni tashkil etgan. “2025 yilgi qariyalar statistikasi”da 2020 yilda 7 million 953 ming bo‘lgan qariyalar soni 2025 yil oxirida 9 million 583 ming 59 nafarni tashkil qilib, mamlakat umumiy aholisining 11,2 foiziga yetgan. Eng “qariya” shahar esa Sinop bo‘lgan.
Demografik prognozlarga ko‘ra, 2030 yilda bu ko‘rsatkich 13 foizdan ham oshishi mumkin. Shu bilan birga qariyalar sonining aholiga nisbatan ulushi ham ortib bormoqda. Hozirda har 100 nafar mehnat yoshidagi insonning gardaniga taxminan 16 nafar qariyani ta’minlash mas’uliyati tushmoqda. Bu holat kelajakda ijtimoiy ta’minot xarajatlarining ortishiga va ishchi kuchi kamayishiga olib kelishi mumkin.
Turkiyada qariyalar ulushi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 20 foizdan ortiq bo‘lgan Sinop shahrida saqlanib qolgan. Aholi soni jihatidan esa eng “qariya” megapolis Istanbul hisoblanadi.
Shuningdek, mamlakatda 100 yosh va undan katta bo‘lgan 10 228 nafar qariya yashamoqda. Ularning 8 mingdan ortig‘ini ayollar tashkil etadi. Umuman olganda, 65 yoshdan kattalar orasida ayollar ulushi 54,1 foiz bo‘lib, erkaklardan ancha yuqori.
Turkiyada taxminan 1 million 700 ming qariya uyida yakka holda yashaydi. Ularning 75 foizini bevalar tashkil qiladi. Qarindoshlar yordami va oilaviy qo‘llab-quvvatlash hali ham kuchli. Ammo yolg‘iz yashaydigan qariyalar soni oshib borayotgani kelgusi yillarda ijtimoiy g‘amxo‘rlik masalasi Turkiya uchun eng dolzarb masalalardan biri bo‘lishini ko‘rsatmoqda.
Qayd etish joiz, 2023 yil oxiriga kelib, Turkiya BMT tasnifiga ko‘ra aholisi “keksa” bo‘lgan davlatlar toifasiga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2040 yilga borib Markaziy Osiyo aholisi 96 million kishiga yetishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi