Tunisda Prezidentni tanqid qilgan erkak o‘lim jazosiga hukm qilindi
Olam
−
04 Oktabr 2025 3717 2 daqiqa
Tunislik erkak Facebook’da mamlakat Prezidenti Qays Saidni tanqid qilgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda kecha, 3 oktyabr kuni “Daily Mail” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 56 yoshli Saber Shushan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Tunis Prezidenti Qays Said siyosatini tanqid qilgan postlari uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan.
“Nabel shahridagi sudya mening mijozimni internetdagi postlari uchun o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu hayratlanarli qaror”, deydi uning advokati.
Shuningdek, advokat hukm ustidan shikoyat kiritilganini qo‘shimcha qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Saber Shushan siyosiy faol emas – u kam savodli ishchi bo‘lib, hibsga olinmasidan avval Prezident siyosatidan norozi fikrlarini bildirgan, xolos.
“Biz allaqachon qashshoqlikda yashayapmiz, endi bunga zulm va adolatsizlik ham qo‘shildi. Biz bunga ishonolmayapmiz”, deydi mahkumning akasi.
Ma’lumot uchun, Tunisda o‘lim jazolari juda kam hollarda tayinlanadi va ular so‘nggi 30 yildan beri ijro etilmaydi. Shunga qaramay, bunday hukmning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda katta norozilik uyg‘otgan. Ko‘plab tunisliklar va inson huquqlari faollari bu qarorni tuzum tanqidchilarini qo‘rqitishga urinishdek baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning janubi-g‘arbiy Xuziston viloyatida olti kishi terrorchilik, ajralib chiqishga urinish (separatizm) va Isroil bilan aloqada bo‘lganlikda ayblanib qatl etilgani haqida xabar berilgan edi.