To‘qayevning sobiq maslahatchisi kaltaklab o‘ldirildi
Olam
−
30 Oktabr 14007 1 daqiqa
Kecha, 29 oktyab kuni Qozog‘istonda 1990 yildan buyon turli davlat lavozimlarida ishlagan Yerjan Boboqumarov kaltaklab o‘ldirildi. Bu haqda “Sputnik Qozog‘iston” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Boboqumarov va unga oldindan tanish bo‘lgan fuqaro o‘rtasida chiqqan og‘zaki janjal mushtlashuvga aylangan. 56 yoshli sobiq amaldor olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Sobiq davlat maslahatchisining o‘limini mamlakat Bosh prokurorining o‘rinbosari Galimjon Qo‘ygeldiyev ham tasdiqlagan. Uning ta’kidlashicha, politsiya tergovga qadar tekshiruv o‘tkazgan va barcha tergov natijalarini kutishi kerak.
“Gumonlanuvchi qo‘lga olinib, vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi. Qotillik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi politsiya xabarida.
Yerjan Boboqumarov o‘tgan yillar davomida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Markaziy kommunikatsiyalar xizmati, Tahlil va prognozlash markaziga rahbarlik qilgan. Shuningdek, u Prezident departamenti rahbari o‘rinbosari, Olmaota shahri hokimining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Boboqumarov 2019 yilning aprel oyidan iyul oyigacha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning maslahatchisi bo‘lgan.
Bunyod Keldiboyev