To‘qayev yangi vazirlik tuzdi

Olam

image

Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligiga aylantirildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

Davlat rahbari tegishli qarorni bugun imzoladi.

“Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligini Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligiga aylantirish yo‘li bilan qayta tashkil etilib, innovatsiyalar bilan bog‘liq funksiya va vakolatlar Fan va oliy ta’lim vazirligiga o‘tkazilsin”, deyiladi hujjatda.

Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi hamda Fan va oliy ta’lim vazirligi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligiga berilgan funksiya va vakolatlarga muvofiq huquq va majburiyatlarning huquqiy vorislari etib belgilandi.

Hukumatga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlari va ularga bo‘ysunuvchi tashkilotlarning shtatlarini (Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda) qayta taqsimlanishini ta’minlash, shuningdek, farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish topshirildi.

Hujjat imzolangan kundan boshlab, ya’ni 2025 yil 18 sentyabrdan kuchga kirdi. Farmon ijrosini nazorat qilish Prezident Administratsiyasiga yuklangan.

Joriy yilning 8 sentyabr kuni Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston xalqiga murojaatnomasida “Raqamli kod to‘g‘risida”gi qonunni kechiktirmasdan qabul qilish zarurligini ta’kidlab, amaldagi tegishli vazirlik negizida Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligini tashkil etish zarurligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov joriy yilning 11 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan yig‘ilishida Transport va aloqa agentligini tugatib, uchta yangi vazirlik tashkil etish haqida farmon chiqargandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev Sun'iy intellekt yangi vazirlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing