To‘qayev Isroilning Dohaga hujumini qoraladi
Olam
−
09 Sentabr 2025 5943 1 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 9 sentyabr kuni Isroil hukumati tomonidan Qatar poytaxti Dohada amalga oshirilgan harbiy harakatni qoraladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
“Bu harakatlar qanday maqsadlarda amalga oshirilganidan qat’i nazar, ular qat’iyan yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan ishdir. Chunki ular Qatar davlatining suveren huquqlarini ochiqchasiga poymol qiladi va xalqaro huquq tamoyillariga zid keladi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil HAMAS rahbariyatini yo‘q qilish uchun Qatar poytaxti Dohaga zarba bergani xabar qilingan edi. “Axios” muxbiri Barak Ravid esa isroillik rasmiylarga tayanib, Dohadagi portlash HAMAS amaldorlariga suiqasd ekanini ma’lum qilgan.
“Reuters” manbalaridan biriga ko‘ra, Vest-Bey tumanidagi “Alfardan Towers” osmono‘par binosida portlashlar eshitilgan.
Yana bir guvoh Doha markazidagi Al-Sadd tumanida joylashgan Hamad bosh shifoxonasi yaqinida bo‘lganida taxminan to‘rtta portlash eshitganini aytgan.
Isroil harbiylari Qatar poytaxti Dohada kuzatilgan va eshitilgan portlashlar HAMAS rahbariyati a’zolari va Falastinning yuqori martabali amaldorlariga qarshi suiqasd urinishining oqibati ekanini bildirgan.
Qayd etilishicha, hujumdan avval “nishonga aloqasi bo‘lmagan odamlarga zarar yetishini kamaytirish uchun aniq zarba beruvchi qurollar va qo‘shimcha razvedka ma’lumotlaridan foydalanish” chorasi ko‘rilgan.
Live
Barchasi