To‘qayev AQSH bilan hamkorlikda “oldinga intilish” zarurligini aytdi
Olam
−
24 avgust 2023 4484 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari global xavfsizlikni mustahkamlash, yadro qurolini tarqatmaslik, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va demokratik qadriyatlarni ilgari surish sohalarida doimo Qozog‘istonning strategik hamkori bo‘lib kelgan. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev AQSH Senati Milliy xavfsizlik va hukumat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Gari Piters bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

To‘qayev AQSH senatorining tashrifi ikki tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta’kidlagan.
“O‘ylaymanki, biz ko‘p narsaga erishdik, ammo shunga qaramay, biz o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni mustahkamlash uchun oldinga borishimiz kerak”, degan Prezident.
Suhbat chog‘ida To‘qayev Prezident Jo Baydenni shu yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida C5+1 formatida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH yetakchilarining birinchi sammitiga taklif qilgani uchun minnatdorlik bildirgan.

O‘z navbatida, senator To‘qayevga AQSH va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashning asosiy masalalarini muhokama qilish imkoniyati uchun tashakkur aytdi.
“Markaziy Osiyo dunyoning muhim qismi, Qozog‘iston esa Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy davlatdir. Shu bois, hamkorlikda ishlash uchun imkoniyatlarimiz borligiga ishonch hosil qilmoqchimiz. Aminmanki, Prezident Bayden ham shunday fikrda va u tez orada Nyu-Yorkda siz bilan uchrashishdan xursand bo‘ladi. Bu munosabatlarimizni mustahkamlash borasidagi ishlarni davom ettirishimizga yordam beradi”, degan senator.

Suhbatdoshlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ham muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 11 avgust kuni Jo Bayden O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘llab, sentyabr oyida Nyu-Yorkda C5+1 formatidagi sammitda qatnashishga taklif qilgan edi.
Live
Barchasi