Trampning Ukraina bo‘yicha yangi rejasi tafsilotlari oshkor bo‘ldi
Olam
−
20 noyabr 6548 2 daqiqa
AQSH va Rossiya Prezidentlarining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyev ishtirokida ishlab chiqilgan Ukraina uchun yangi tinchlik rejasida Qo‘shma Shtatlar Ukrainadan barcha Lugansk va Donetsk viloyatlarini taslim qilishni va armiyasini yarmiga qisqartirishni talab qiladi. Bu haqda tashabbusdan xabardor manbalarga tayanib, “Financial Times” va “Axios” nashrlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, reja Ukraina qo‘rolli kuchlarini Donbass hududining 14 foizidan olib chiqib, uni qurolsizlantirilgan hududga aylantirishni ko‘zda tutadi, bu yerda hech bir tomon qo‘shinlari va qurollari saqlanmaydi. Buning evaziga Kreml Zaporoje va Xerson viloyatlaridagi front chizig‘ini muzlatib qo‘yishi kerak va nashr manbalariga ko‘ra, muvaffaqiyatli muzokaralar natijasida ba’zi yerlarni qaytarishga ham rozi bo‘lishi mumkin.
Tramp rejasiga ko‘ra, AQSH va boshqa davlatlar Qrim va Donbassni Rossiya hududi sifatida tan olishlari kerak. Bu Ukrainadan talab qilinmaydi. Biroq u rus tilini rasmiy til sifatida tan olishi va rus pravoslav cherkovi faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashi kerak.
Trampning rejasida Ukraina Qurolli kuchlari uchun ayrim turdagi qurollarni taqiqlash, G‘arbning uzoq masofali raketalarini yetkazib berishni to‘xtatish va Ukrainaga har qanday xorijiy qo‘shinlarni joylashtirishni taqiqlash ham bor.
“Trampning taklifi Ukrainaning taslim bo‘lishiga teng”, deb yozadi FT muxbiri Kristofer Miller.
Uning manbalariga ko‘ra, reja shunchaki Kremlning maksimalist talablari ro‘yxati hisoblanadi.
“Amerika rasmiylarining mantig‘i shundan iboratki, Ukraina Donbassda taslim bo‘lishi kerak, chunki u baribir uni yo‘qotadi va shuning uchun “hozir kelishuv tuzish uning manfaatlariga mos”, deydi “Axios” manbasi.
Trampning taklifi bilan tanish bo‘lgan Kiyev rasmiylari buni jiddiy o‘zgartirishlarsiz qabul qilib bo‘lmas deb atagan. “Axios” nashriga ko‘ra, Amerika rasmiylari reja tafsilotlarini Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarovga aytgan.
Stiv Uitkoff Amerika taklifini muhokama qilish uchun Anqarada Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi kerak edi, biroq Ukraina Prezidenti muzokaralarni bekor qilgan. Ukraina manbasiga ko‘ra, “Axios” Zelenskiy yevropaliklar bilan Trampning rejasini muhokama qilmoqchi ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati rossiyaliklar bilan maslahatlashgan holda, Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha yangi maxfiy reja ustida ishlayotgani ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi